09:13 / 12.09.2015
2695

Toshkentda NEC delegatsiyasi bilan yer usti raqamli telesignallarni uzatish bo‘yicha loyihalar muhokama qilindi

O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida 11 sentabr kuni Yaponiyaning NEC korporatsiyasi prezidenti Nobuxiro Endo boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bergan.

Uchrashuv davomida telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari sohasida o‘rnatilgan ikki tomonlama hamkorlik holati xususida fikr-mulohazalar bildirildi. Xususan, yer usti raqamli telesignallarni uzatish yuzasidan amalga oshirilayotgan loyihalarga oid istiqbolli rejalar muhokama qilindi.

Uchrashuvda istiqbolda o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va boshqa ta'lim muassasalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Shuningdek, NEC korporatsiyasi delegatsiyasi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida hamda «O‘zbektelekom» AKning Telekommunikatsiya va personalni rivojlantirish markazida bo‘lib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Top