15:08 / 13.09.2015
6435

G‘arb nashrlaridan biri o‘z o‘quvchilariga O‘zbekistonni sayohat uchun eng yaxshi 10 hududdan biri sifatida tavsiya qildi

Nuz.uz nashrida yozilishicha, g‘arblik jurnalistlardan biri U.Yunker turizm mavzusidagi maqolasida Yer yuzidagi eng diqqatga sazovor joylardan biri sifatida O‘zbekistondagi shaharlarni keltirib o‘tgan.

"Yer yuzida qachondir borib ko‘rish kerak bo‘lgan nuqtalar bor. Ayni vaqtda turizm sohasi haddan tashqari rivojlandi, aviakompaniyalar o‘sdi, kishilar ham badavlat bo‘lib, istagan joyiga sayohat qilishlari mumkin bo‘lib qoldi. Endi odamlar avvalgi avlod vakillaridan farqli ravishda osonlik bilan Yer yuzining u nuqtasidan bu nuqtasigacha kezib chiqishlari mumkin", deb yoziladi maqolada.

"21 asr odami oldida bir masala ko‘ndalang turadi: Namibiya qirg‘oqlaridagi qumlarda quyosh taftidan bahra olgan yaxshimi yoki Galapagos orollarida dengiz sherlarini tomosha qilishmi? Yoki Myanmaning u 4 tomonini aylanib chiqqan yaxshiroqmi?

Biz sizga eng ma'qul variantlarni taklif qilamiz", deb davom etadi muallif.
U o‘zining 10talik ro‘yxatida Mo‘g‘uliston, Madagaskar, Kanada, Efiopiya, Bangladesh, Salvador, Papua Yangi Gvineya, Meksika shimolidagi kanonlar hamda Frantsuz Polineziyasi qatorida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo nomlarini sanagan.

U har bir hudud uchun izoh keltirgan.
Jumladan, u O‘zbekiston haqida shunday deydi: "O‘zbekiston qadimiy shaharlarga ega mamlakat. U yerda ko‘plab imperiyalar hukm surgan va bu imperiyalardan ulkan madaniy meroslar saqlanib qolgan. O‘zbekistondagi Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarini afsonaviy shaharlar sifatida bilishadi. Bu shaharlardagi obidalar va me'morchilik san'atining behisob namunalari kishini hayratga solishi tabiiy".

Shuningdek, maqola muallifi o‘z o‘quvchilariga O‘zbekistondagi an'analarni hurmat qilgan holda u yerga borgan sayyohlar o‘zlarini odobli tutishlari maqsadga muvofiq bo‘lishini eslatib o‘tgan.

Top