16:16 / 14.09.2015
5423

Ruslan Chagayev Rossiya fuqaroligini olish niyatida emasligini ma'lum qildi

WBA (Regular) yo‘nalishida jahon chempioni bo‘lmish o‘zbekistonlik Ruslan Chagayev Rossiya fuqaroligini olish niyatida emas. U bu haqda TASS nashriga ma'lum qilgan.

2014 yilning 6 iyul kunida Grozniy shahrida Chagayev Frensis Okendoga qarshi jang uchun ringga Rossiya bayrog‘i bilan chiqqan va uning o‘sha janggi uchun Rossiyaning "Terek boks invest" kompaniyasi homiylik qilgandi.

Shu tufayli rossiyalik jurnalistlar unga o‘z taxminlari bilan murojaat qilishgan.

"Ayni vaqtda menda bunday istak yo‘q. Men O‘zbekiston fuqarosiman. Shu bilan birgalikda men millatchi ham emasman, dunyoning ko‘plab davlatlarida do‘stlarim va yaqin kishilarim bor. Men hozir Rossiyada istiqomat qilib turibman, lekin menda O‘zbekiston pasporti bor va bu pasport bilan Rossiyada hech qanday muammosiz yashashim mumkin", deydi u jurnalistlarning shu xususdagi savoliga javoban.

Ma'lumot uchun, 36 yoshli ushbu sportchi havaskorlar o‘rtasida 2 marta jahon chempioni va 2 marta Osiyo chempioni bo‘lgan. U professional boksga kirib kelganidan keyin 37ta jang o‘tkazgan (31 g‘alaba, shundan 21tasida nokaut bilan, 2ta mag‘lubiyat va bitta durang).

U shu yilning 11 iyulida ringga chiqib, italiyalik Franchesko Pyanetni birinchi raunddayoq nokautga uchratgandi.

Chagayevning keyingi janggi shu yilning 17 oktabr kunida Germaniyaning Kile shahrida Okendoga qarshi revansh jangi sifatida o‘tadi.

Top