18:42 / 14.09.2015
23857

Sayyoramizdagi g‘ayrioddiy sharsharalar

Baland qoyalardan gulduros ovoz bilan otilib tushayotgan suv o‘zgacha bir manzara hosil qiladi. Aynan shu tufayli sayyohlar tashrif buyuradigan maskanlardan biriga aylangan. Ularning balandligi va qudrati kishini ohanrabo singari o‘ziga tortadi.

Darvoqe, yer yuzida shunday sharsharalar borki, ular balandligi yoki kattaligi bilan emas, tashqi ko‘rinishi bilan boshqa sharsharalardan ajralib turadi. 

Suvosti sharsharasi, Mavrikiy

Lemorn Brabant yarimoroli qirg‘og‘ida g‘ayrioddiy suvosti sharsharasi mavjud. U anglab bo‘lmas tarzda qumloq ichidan to‘g‘ri okean tubiga otilib tushadi.

Vaypugiya sharsharasi, Gavayi

Gravitatsiya qonuniga zid ravishda Vaypugiya yoki “Teskari” deb ataluvchi sharshara suv oqishi lozim bo‘lgan tarafga, ya'ni pastga emas, balki yuqoriga qarab oqadi. Bu tabiat hodisasi aslida suv oqimini yuqoriga ko‘taruvchi kuchli shamollar ta'sirida yuz beradi. Bu teskari sharsharaga o‘xshagan sharsharalar Irlandiya, Islandiya va Buyuk Britaniyada ham bor.

Olovli sharshara, Kaliforniya

Har yili fevral oyida ushbu sharsharada g‘aroyib manzara hosil bo‘ladi. Ma'lum bir burchak ostida tushgan quyosh nuri hisobiga 650 metr balandlikdan tushayotgan suv oqimi xuddi lovullab oqayotgan lava ko‘rinishini oladi. Sharsharaning yana bir nomi Xorsteyl, ya'ni “Ot dumi” bo‘lib, u bu nomni suv oqimining ko‘rinishi tufayli olgan.

Yopishqoq sharshara, Tailand

Odatda, suv ta'sirida toshlar silliqlanib ketadi, lekin Bua Tong sharsharasida bunday emas. Suv yopishqoq g‘adir-budir ohaktoshlar uzra oqadi. Ohaktoshlar shu darajada yopishqoqki, unga sirpanib ketishdan qo‘rqmasdan osilib chiqish mumkin.

Unitaz sharshara, Xitoy

Ona tabiat mo‘'jizakor, lekin xitoylik rassom Shu Yongga topqirlikda ancha-munchasi bas kelolmaydi. U 10 minglab unitazlardan sharshara yasagan. Ularning bari suv tizimiga ulangan bo‘lib, o‘ziga xos ko‘rinish hosil qilgan. Balandligi besh metrli bu sun'iy sharshara ba'zan sayyohlar uchun ishga tushiriladi.

Makvey plyaj sharsharasi, Kaliforniya

Bu sharshara suvi to‘g‘ri oq qumli plyajga tushadi. Suv ko‘paygan davrda esa sharshara okeanga oqadi. 

Xryoynfossar sharsharasi, Islandiya

Xryoynfossar sharsharasi Viudgelmir lava g‘ori yaqinida joylashgan bir nechata kichik sharsharalardan tashkil topgan. Sharsharaning nomi ham aynan “Lavali sharshara”, degan ma'noni bildiradi. 

Muzlik sharsharasi, Islandiya

Muzliklar doimiy harakatlanadigan joylarda, masalan, Islandiya muz g‘orlarida ko‘pincha antiqa sharsharalar paydo bo‘ladi. Muzli g‘or devorlarida aks etgan nur sehrli manzara hosil qiladi.

Tumanli sharshara, Islandiya

Biz yana mo‘'jizalar mamlakati Islandiyaga yo‘l olamiz. Tumanli sharsharaning ko‘rinishi judayam ajoyib, lekin afsuski bu g‘ayritabiiy tabiat hodisasiga har doim ham guvoh bo‘lavermaysiz. 

Qonli sharshara, Antarktika

Antarktika muzliklari ichidan otilib chiquvchi qip-qizil suyuqlik odamni qo‘rqituvchi manzara hosil qiladi, lekin baxtimizga u haqiqiy qon emas. Dastlab olimlar bu hodisaga suvo‘tlar sababchi deb o‘ylashgandi, biroq ma'lum bo‘lishicha, suv tarkibidagi temir oksidi uni qizil rangga bo‘yar ekan.

Muzlagan sharshara, Illinoys

Muzlagan sharsharalar o‘ta sovuq harorat oqibatida paydo bo‘ladigan keng tarqalgan tabiat hodisasidir. Yovvoyi mushuk kanonida joylashgan mana bu sharshara kabi ayrim sharsharalar ekstremal hissiyot ishqibozlari orasida juda ommabop.

Bigar sharsharasi, Ruminiya

O‘ziga xos shakl va zumrad-yashil mox o‘tlari qoplamasi bu sharsharaga balandligi sakkiz metrli qo‘ziqorin ko‘rinishini beradi. Qo‘ziqorin “qalpog‘i” bo‘ylab oqadigan kumushrang suv esa manzaraga yanada go‘zallik bag‘ishlaydi.

Iguasu sharsharalari, Argentina, Braziliya

Aytishlaricha, Eleonora Ruzvelt Iguasu sharsharalariga ko‘zi tushgach: “bechora Niagara” degan ekan. Bunga hayron qolmasa ham bo‘ladi, zero Iguasu Argentina va Braziliya o‘rtasida joylashgan ulkan, maydoni 2,7 kilometrli sharsharalar majmuasidan iborat.

Anxel sharsharasi, Venesuela

Anxel dunyodagi eng baland sharshara hisoblanadi va o‘tib bo‘lmas changalzorlar ichida joylashganiga qaramay har yili uni tomosha qilgani minglab sayyohlar keladilar. Uning balandligi Niagara sharsharasi balandligidan 15 barobar ko‘pdir.

Baatara sharsharasi, Livan

Baatara sharsharasi 1952 yilda kashf etilgan. Bu sharshara fantastik film manzarasini eslatadi. Suv uchta tosh ko‘prik orasidan ulkan Yura davri g‘ori ichiga tushadi.

Xukou sharsharasi, Xitoy

Xukou sharsharasi Xitoyda kattaligi jihatidan ikkinchi o‘rinda turadi va uning suvi rangi tillarang-sariq tusda tovlanadi. Suvga sariq tusni oqim oqibatida ko‘tariladigan tuproq zarralari beradi.

Iyerve el Agua toshli sharsharasi, Meksika

Hierve el Agua ispanchadan tarjima qilinganda “qaynayotgan suv”, degan ma'noni bildiradi — bunga mineral buloqlarning pufakchali suvlari sabab bo‘lgan. Iyerve el Agua uzoqdan tog‘ yonbag‘rida muzlab qolgan sharsharani eslatadi, aslida bu yer foydali qazilmalarga boy maskan hisoblanadi. Suv xuddi g‘orlardagi kbi stalaktitlarni yuzaga keltiradi.

Swarovski billur olami, Avstriya

Ko‘zlari yashil kristallardan tayyorlangan ulkan maxluq boshi ostida “Swarovski” firmasining 100 yillik yubileyiga atab barpo etilgan billur muzeyi joylashgan. Maxluqning og‘zidan doimiy ravishda suv otilib turadi.

Rubi-Folls yerosti sharsharasi, Tennesi

Boshqa g‘or sharsharalaridan farqli o‘laroq, Rubi-Folss to‘laligicha yer ostida joylashgan. Balandligi 45 metrli sharshara Tennesi shtatining eng diqqatga sazovor maskani hisoblanadi. Maxsus neon chiroqlari bilan yoritiladigan suv musaffo yerosti ko‘liga tushadi.

Ventisquero Colgante osilib turuvchi muzligi, Chili

Jarlik yoqasida osilib turuvchi muzlik Chili janubidagi Keulat milliy parkida joylashgan. U to‘siqlar bilan o‘ralgani bois boshqa sharsharalarchalik mashhur emas. Suv butun yil davomida muzlik erishi oqibatida oqib turadi, lekin ob-havo sharoiti va muzlik holatiga qarab oqim o‘zgarib turishi yoki bir necha alohida irmoqlarga bo‘linishi mumkin.

Suv butun yil davomida muzlik erishi oqibatida oqib turadi, lekin ob-havo sharoiti va muzlik holatiga qarab oqim o‘zgarib turishi yoki alohida irmoqlarga bo‘linishi ham mumkin.

Manba: xabardor.uz

Top