18:39 / 14.09.2015
6068

Tojikistonda eftalitlar davri qabristoni ochildi

Tojikiston-Rossiya qo‘shma arxeologik ekspeditsiyasi Pomirdagi Sarihisor yodgorligidagi qazilma ishlarini yakuniga yetkazdi. U yerda topilgan artefaktlar ilk o‘rta asrlarning qudratli qabilalaridan biri eftalitlarga tegishli bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

“Ishlarimiz asosan V-VI asrlar qabristonida amalga oshirildi. Surxob va Bulg‘ori daryolarining kesishish nuqtasidagi yagona tepalikda ko‘plab qabrlar mavjud, - dedi ekspeditsiya rahbari Tatyana Filimonova. – Ayni paytga qadar turli dafn qilish an'analari asosida bajarilgan 34 qabr ochildi, ular orasida otli askar qabri ham bor”.

Aytilishicha, ushbu qabrdagi askar tanasi oldiga otning boshi va ayrim anjomlari qo‘yilgan. Qabr ichidan ko‘plab qiziqarli topilmalar chiqarib olinga. Ular orasida bronza ko‘zgu bor.

“Eng diqqatga sazovor topilmalar ichida odamlarning qoldiqlari bor, ular mahalliy aholining tashqi ko‘rinishini tiklashga yordam beradi, - so‘zida davom etdi arxeolog. – Shahidon qabristoni materiallarini tahlil qilgan antropologlar ularning gratsial sharqiy O‘rta Yer dengizi tipiga, ya'ni yevropeoid irqiga mansubligini aniqladi”.
Olimlarning xulosasiga ko‘ra, Sarihisordagi yodgorlik eftalitlarga oiddir. Bu Markaziy Osiyodagi eftalitlarga oid ikkinchi yodgorlikdir.

Eftalitlar ilk o‘rta asrlarda mintaqa tarixida muhim rol o‘ynagan qabilalardan biri bo‘lib, ularning kelib chiqishi haqida bugungi kunga qadar aniq xulosa aytilgan emas.
Eftalitlarning mintaqadagi hukmronligiga Turk xoqonligi chek qo‘ygan.

Top