17:48 / 14.09.2015
2717

Toshkentda axborot-kommunikatsion texnologiyalar haftaligi ochildi

Bugun O‘zbekistonda axborot-kommunikatsion texnologiyalar haftaligi ochildi. Bu mamlakatda axborot sohasidagi joriy yilning eng katta voqeasi bo‘ldi.

Haftalik an'anaviy tarzda Xalqaro biznes markazidagi matbuot anjumanidan boshlandi. Unda OAV vakillari tadbirlar dasturi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Aytilishicha, tadbir doirasida Intellect2All IT-loyihalar Respublika konkursining g‘oliblari e'lon qilinadi. Tadbir bugun, 14 sentabr kuni, Toshkentdagi yoshlar ijodi saroyida bo‘lib o‘tadi.

15 sentabr kuni “O‘zekspomarkaz”da ICTEXPO-2015 axborot-kommunikatsion texnologiyalar ko‘rgazmasi ochiladi. Unda 150dan ortiq kompaniya o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etadi. Ekspozitsiya 1 800 kv m maydonni qamrab oladi.
Bundan tashqari, shu kunlarda “O‘zekspomarkaz”da Gadjet Fair axborot texnologiyalari yarmarkasi, shuningdek, UCG FIFA kiber-futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkaziladi.

Ko‘rgazma 17 sentabrga qadar davom etadi. O‘sha kuni BestSoft Challenge dasturchilar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkaziladi. Har bir nominatsiya bo‘yicha eng yaxshi loyiha mualliflari 10 mln so‘mlik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
O‘sha kuni ICTForum-2015 boshlanadi. Bu yerda, shuningdek, eGovernment Uzbekistan, StartupMix, “Banklar uchun innovatsion kun”, “Axborot xavfsizligi” konferensiyalari o‘tkaziladi.

Haftalik 18 sentabr kuni ICTSummit-2015 sammiti bilan yakunlanadi. Bu sohaning eng yirik tadbiri bo‘lib, unda O‘zbekiston, Rossiya, Ukraina, Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Koreya, Belarus, Estoniya, Kipr va Qozog‘iston vakillari ishtirok etadi.
Haftalikning ayrim tadbirlari Samarqand shahrida ham o‘tkaziladi.

Top