08:32 / 14.09.2015
2394

Yaponiya janubidagi Aso vulqoni harakatga keldi

Yaponiyaning Kumamoto prefekturasidagi Aso vulqoni harakatga keldi, deya xabar bermoqda Reuters.

Yaponiya meteorologiya agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, tog‘ tepasida 2 ming metr balandlikdagi tutun va kuldan iborat ustun hosil bo‘lgan. Qurbonlar va vayronagarchiliklar haqida ma'lumot yo‘q. Hozirgi vaqtda tog‘dagi sayyohlar evakuatsiya qilinmoqda.

Yaponiya meteorologiya agentligi Aso vulqonining otilish xavfi darajasini besh ballik ko‘rsatkichning ikkinchisidan uchinchisiga qadar oshirdi. Vulqonga 2 km gacha yaqinlashish taqiqlandi. Kumamoto aeroporti tarqatgan ma'lumotlarga ko‘ra, tutun otilayotgani sababli bu yerga kelayotgan bir qancha aviareyslar boshqa orollarga yo‘naltirilgan.

Qayd etilishicha, Aso tog‘idagi vulqonning otilishi doimiy ravishda ro‘y beradi. Balandligi 1592 metrni tashkil etuvchi vulqonning oxirgi marta uyg‘onishi 2015 yilning avgust oyiga to‘g‘ri kelgandi. O‘shanda undan 600 metrgacha balandlikka tutun otilgan edi.

Ayni paytda Yaponiyada 100dan ziyod harakatdagi vulqonlar mavjud.

Top