10:55 / 15.09.2015
5376

15 sentabrda Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasining 70- sessiyasi ish boshlaydi

BMT Bosh assambleyasining 70- sessiyasi jahon tashkilotining Nyu-Yordagi bosh qarorgohida o‘z ishini boshlaydi. Bosh kotib Pan Gi Mun va 70- sessiya raisligiga 2015 yil iyun oyida saylangan avstraliyalik diplomat Mogens Likketoft rahbarligida yangi bir yillik Birlashgan millatlar tashkiloti tarixidagi eng mazmunli yil bo‘lishi va'da qilinmoqda.

Rasmiy ochilishi marosimi bugun, 15 sentabr kuni mahalliy vaqt bilan 15:00, Toshkent vaqti bilan 21:00da boshlanadi.

Avvalgi 69-sessiyada Bosh assambleyaga a'zo 193 davlat vakillari ko‘plab masalalarni muhokama qilib, ovoz berishlar va konsensus (umumiy kelishuv) asosida yakunda 300dan ziyod rezolyutsiya va qarorlar qabul qilingan edi.

70-sessiya kun tartibida tinchlik va xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash, qurolli mojarolarni bartaraf etish, terrorizm, irqiy kamsitishlar va ksenofobiya (xorijlik va notanish insonlardan qo‘rqish)ga barham berish, atrof-muhitni muhofaza qilish, mamlakatlarning barqaror rivojlanishida hamkorlik qilish, yadroviy qurollarni tarqatmaslik tartibiga rioya qilish, inson huquqlarini himoyalash va qonun ustuvorligini ta'minlash singari 170dan ziyod masalalar o‘rin olgan.

Shuningdek, Xavfsizlik Kengashini qayta tashkil etish bilan bog‘liq masala muhokamasi davom ettiriladi. 69-sessiyaning so‘nggi kunida Bosh assambleya “Xavfsizlik Kengashida adolatli vakillik va uning a'zolik tarkibini kengaytirish masalasi bo‘yicha ochiq tarkibli ishchi guruhini tashkil etish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyani qabul qilgan edi.

Navbatdagi yil davomida BMT bosh kotibligiga saylov kampaniyasi ham boshlanadi. 2007 yilning 1 yanvarida mazkur lavozimga kirishgan Pan Gi Mun vakolati 2016 yilning 31 dekabrida yakuniga yetadi va u uchinchi besh yillik muddatga o‘z nomzodini ilgari surish huquqiga ega emas. Shu munosabat bilan 11 sentabrda Bosh assambleya bosh kotib saylovlarini yanada shaffof o‘tkazishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi.

Ayni paytda ehtimoliy nomzodlar ro‘yxatidan YuNeSKO ijrochi direktori Irina Bokova, BMT Taraqqiyot dasturining amaldagi boshqaruvchisi Helan Klark, Chili va Litva prezidentlari Mishel Bachelet va Dalya Gribauskayte, shuningdek, Daniya sobiq bosh vaziri Helle Torning-Shmidt o‘rin egallagan.

An'anaga muvofiq, sessiya ochilganidan bir hafta o‘tib, Bosh assambleya doirasida umumsiyosiy muhokamalar — BMTga a'zo davlatlar vakillari har qanday savolni berishi mumkin bo‘lgan debatlar tashkil etiladi.

Biroq bu yil umumiy muhokamalar nisbatan so‘nggi bosqichlarda o‘tkazilishi belgilangan. Bosh assambleya doirasidagi dastlabki eng yirik tadbir 25-27 sentabr kunlari taraqqiyot masalalariga bag‘ishlangan sessiya bo‘ladi. Ushbu sessiya jarayonida BMT a'zolari tomonidan bir hafta muqaddam taqdim etiluvchi 2015-2030 yillarda global ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish kun tartibi loyihasi tasdiqlanadi.

Taraqqiyot bo‘yicha sammit yakunlanganidan so‘ng navbatdagi kuni BMTga a'zo 150dan ziyod davlat rahbarlari, hukumat yetakchilari va o‘nlab tashqi ishlar vazirlari ishtirokida umumsiyosiy muhokamalar bo‘lib o‘tadi. Mamlakatlar delegatsiyalarining chiqishlari 3 oktabrga qadar davom etadi.

Ma'lumot o‘rnida, Bosh assambleya – o‘ziga xos butunjahon parlamenti bo‘lib, uning majlislarida BMTga a'zo bo‘lgan barcha mamlakatlar vakillari qatnashadi. Har bir a'zo-mamlakat bir ovozga ega. Xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash tavsiyalari, yangi a'zolarni qabul qilish yoki Birlashgan Millatlar Tashkiloti byudjyetini tasdiqlash, shu jumladan, tinchlikni saqlash amaliyotlariga mablag‘ ajratish singari muhim masalalar ko‘pchilik, aniqrog‘i, uchdan ikki qism ovoz bilan qabul etiladi. Assambleyaning har yilgi navbatdagi sessiyasi sentabrdan dekabrga qadar bo‘lgan muddat davomida o‘tkaziladi. Assambleya zarurat tug‘ilganda o‘z ishini qayta chaqirilgan sessiyada davom ettirishi yoki jiddiy tashvish tug‘dirgan masalalar bo‘yicha maxsus yoki favqulodda sessiyalar o‘tkazishi mumkin. Assambleyalar orasidagi muddat davomida uning ishlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining oltita bosh qo‘mitasi, boshqa organlari va Kotibiyatda davom etadi.

Top