08:20 / 15.09.2015
2465

Hindiston aviakompaniyasi ortiqcha vaznga ega 125 nafar xodimini parvozlardan chetlatadigan bo‘ldi

Hindistonning Air India aviakompaniyasi ortiqcha vaznga ega 125 nafar xodimini parvozlardan chetlatadigan bo‘ldi. Bu haqda The Times of India nashri xabar bermoqda.

Bunday qaror Fuqarolik aviatsiyasi bosh boshqarmasi tavsiyalaridan kelib chiqib qabul qilindi: yangi qoidalarga ko‘ra, haddan ortiq vaznga ega odamlarga styuard yoki styuardessalar bo‘lib ishlash man etiladi. 

“600 xodimdan taxminan 125 nafari o‘zlarining vaznlarini ajratilgan vaqt davomida me'yorga keltira olmadilar”, deb aytdi aviakompaniya vakili. Vazni og‘ir xodimlarga o‘zlarining qomatlarini me'yorga keltirib olish uchun 1,5 yil vaqt berilgan edi. Kerakli ko‘rsatkichlarga erisha olmagan xodimlarga parvozlar bilan bog‘liq bo‘lmagan ish beriladi yoki ular ishdan bo‘shatiladi.

Nashrda ta'kidlanishicha, og‘ir vaznga ega xodim o‘z majburiyatlarini bajarishga “vaqtinchalik yaroqsiz” deb topiladi va vaziyatni o‘nglash uchun unga yana 3 oy muhlat beriladi. Erkaklar o‘z vaznlarini 18-25 tana vazni indeksiga, ayollar esa 18-22 ga keltirishlari lozim.

Tana vazni indeksi odamning bo‘yi va vaznini qiyoslash va uning vazni yetarlicha emasligi, me'yordaligi yoki ortiqcha ekanligini baholashga imkon beruvchi ko‘rsatkich hisoblanadi. Ko‘rsatkich tananing kilogrammlardagi qiymatini metrlarda hisoblangan bo‘yning kvadratga oshirilgan qiymatiga bo‘lish bilan aniqlanadi.

Top