17:39 / 15.09.2015
3525

Klichko vazn toifasidan qat'iy nazar dunyoning eng yaxshi bokschisiga aylanib oldi

Superog‘ir vazn toifasining WBA, WBO, IBF va IBO yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempioni ukrainalik Vladimir Klichko jahon professional bokschilarining vazn toifasidan qat'iy nazar tuzilgan reytingida dunyoning eng yaxshi bokschisi sifatida ro‘yxatni birinchi o‘rniga ko‘tarilib oldi. Bu haqda Boxrec.com portali xabar tarqatdi.

Manbaning yozishicha, Klichko professional boksdagi faoliyatini yakunlagan amerikalik Floyd Meyvezerdan bo‘shagan birinchi o‘rinni egallab olgan.

Reytingda ikkinchi o‘rinni o‘rta vazn toifasining WBA (Super), IBO va WBC (Interim) yo‘nalishlari bo‘yicha chempioni qozog‘istonlik Gennadiy Golovkin egallab turibdi. Uning hisobida 33 jangda 33 g‘alaba (30 nokaut) mavjud.

Uchinchi o‘ringa meksikalik Saul Alvares ko‘tarilib olgan. Bokschi joriy yilning 21 noyabr kuni Las-Vegasda o‘rta vazn chempionligi uchun puerto-rikalik Migel Kottoga qarshi ringga ko‘tariladi.

Reytingda to‘rtinchi o‘rinda yarimog‘ir vazn toifasining WBA, WBO va IBF yo‘nalishlari bo‘yicha chempioni rossiyalik Sergey Kovalyov egallab turibdi. Beshinchi o‘rinda fillippinlik Menni Pakyao joylashgan.

O‘zbekiston sharafini himoya qilib kelayotgan jahon chempioni Ruslan Chagayev mazkur reytingda 317 ochko to‘plagan (solishtirish uchun – Klichkoda 1330 ochko) holda 110-o‘rinda bormoqda. Bu o‘zbekistonlik bokschilar ichida eng yaxshi ko‘rsatkich sanaladi.

Ma'lumot o‘rnida ta'kidlab o‘tish joiz, 39 yoshli ukrainalik bokschi shu paytga qadar 64ta jangda g‘alaba (53 nokaut) qozonib, uch marotaba imkoniyatni boy berib qo‘ygan. Atlanta-1996 olimpiadasi chempionining ringdagi so‘nggi mag‘lubiyati 2004 yilga to‘g‘ri keladi. Klichkoning navbatdagi janggi joriy yilning 24 oktabr kuni Germaniyada, britaniyalik Tayson Fyuriga qarshi kechadi.

Top