12:49 / 15.09.2015
3342

Kuvaytdagi masjid portlatilishida aybdor deb topilgan 7 kishi o‘limga hukm qilindi

15 sentabr kuni Kuvayt sudi shu yilning iyunida shialar masjidi portlatilishida ishtirok etgani isbotlangan 7 kishini o‘limga hukm qilish haqida qaror chiqardi. Bu haqda Sky News Arabia telekanali xabar tarqatgan.

Ma'lum qilinishicha, ushbu teraktga aloqador bo‘lganlarning yana 8 nafariga 2 yildan 15 yilgacha bo‘lgan qamoq jazolari tayinlandi. Shuningdek, gumondor sifatida qo‘lga olinganlardan 14 nafari aybsiz deb topilib, ozodlikka chiqarilgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 26 iyunida Kuvayt poytaxtidagi Es-Saber masjidida portlash sodir bo‘lib, 27 kishi halok bo‘lgan va 227 kishi jarohatlangandi.

Ushbu terakt bo‘yicha sud jarayoni avgust oyida boshlangan, 29 nafar kishiga ayblov e'lon qilingandi.

Sudga tortilganlarning 7 nafari kuvaytlik, 5 nafari Saudiya Arabistoni fuqarosi, 3 nafari pokistonlik, yana 14 nafari boshqa turdi davlatlar fuqarolari bo‘ldi. Ulardan 13 nafari Kuvayt hududida noqonuniy ravishda istiqomat qilib kelgan.

Ushbu terakt uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan. Bunday terakt Kuvayt hududida oxirgi 10 yil davomida sodir bo‘lmagandi.

Ma'lumot uchun, bu mamlakat aholisining 15-30 foizi shialar hisoblanadi. Bu esa boshqa arab mamlakatlari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Top