19:31 / 16.09.2015
3557

Murod Ismoilov "Neftchi" jamoasidan iste'foga chiqarildi

Farg‘onaning "Neftchi" jamoasida bosh murabbiy o‘zgardi. Jamoada Murod Ismoilov o‘rniga Andrey Fyodorov bosh murabbiy bo‘lgani e'lon qilindi.

Chempionatning so‘nggi turlarida jamoani o‘yinlarga Andrey Fyodorov boshlab kelayotgani mutaxassis va muxlislar orasida har xil shubhalarga turtki bo‘lib kelayotgan edi.

Qisqa ta'tildan keyin klubda o‘tkazilgan majlisda bu masalaga ham oydinlik kiritildi.

"Bosh murabbiy bo‘lish juda ham katta mas'uliyat va javobgarlikni talab qiladi. Jamoaning o‘yiniga barcha klub a'zolari o‘z hissasini qo‘shgani bilan, ma'lumki, natijaga eng avvalo bosh murabbiy javob beradi. Ikkinchi davradagi 5ta o‘yindan 4tasi jamoamiz uchun mag‘lubiyat bilan yakunlandi. Bunday natija rahbariyat va muxlislarni qoniqtirmagani tabiiy hol. Qolaversa, Murod Ismoilov ham sog‘lig‘i yomonlashgani bois, uchrashuvlarda ishtirok eta olmayotgani inobatga olib, o‘z xohishiga ko‘ra bosh murabbiylik lavozimidan bo‘shash, lekin, jamoada murabbiy sifatida ishlashni davom etishi xaqida ariza yozgan. O‘zaro kelishilgan holda uni Andrey Fyodorov bilan almashtirishga qaror qildik. Yana bir marta ta'kidlab o‘taman, bu qarorga barcha tomonlarning roziligi bilan kelishildi. Biz uchun eng muhimi jamoani o‘yin payti murabbiylar shtabidan kim boshqarishi emas, balki g‘alaba qozonishdir. Shuning uchun ham mavsum oxirigacha bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi bo‘lib, Fyodorov faoliyat ko‘rsatadi, - deydi bosh murabbiy masalasi haqida “Neftchi” klubi raisi Tohir Kapadze.

Top