09:05 / 16.09.2015
2922

Xitoylik yigit iPhone 6s olish uchun buyragini sotmoqchi bo‘ldi

Xitoyning Yanchjou shahrida yashovchi xitoylik yigit iPhone 6s smartfoni sotib olish uchun buyragidan voz kechmoqchi bo‘ldi. Bu haqda China Daily gazetasi ma'lum qildi

Qayd etilishicha, U familiyali bu xitoylikka bu fikrni uning Xuan ismli do‘sti uqtirgan.

Yigitlar internet orqali noqonuniy tarzda tana a'zolarini xarid qiluvchi agentni topishgan. Agent Udan Nankin shahridagi shifoxonada tibbiy ko‘rikdan o‘tishni so‘ragan. Shu yerning o‘zida ular agent bilan ko‘rishishlari kerak bo‘lgan, biroq xaridor kelmagan.

Shundan keyin U buyragini sotish fikridan qaytgan. U bu haqda do‘stiga aytganda, do‘sti bitimni bekor qilishni istamay, tixirlik qilavergach, U politsiyaga murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Huquq-tartibot muassasalari xodimlari g‘oyib bo‘lgan Xuanni ushlay olishmagan.

2013 yilning oktabrida shanxaylik er-xotin iPhone sotib olish uchun qizini sotgani ma'lum qilingan edi. O‘shanda hech qayerda ishlamaydigan er-xotin hali dunyoga kelmagan qizini sotish haqida internetda e'lon joylashtirgan.

Top