09:15 / 18.09.2015
4185

Muhojirlar inqirozi: Xorvatiya Serbiya bilan bog‘lovchi yo‘llarni yopdi

Muhojirlar oqimi to‘xtamayotgani sababli Xorvatiya politsiyasi Serbiya bilan bog‘lovchi 8 yo‘lning 7tasini bekitdi. Ushbu yo‘llar va chegaralar qat'iy tartibda himoyalanmoqda.

Avvalroq Xorvatiya hukumati mamlakat hududi orqali G‘arbiy Yevropaga o‘tib olishni maqsad qilgan bu qadar ko‘p muhojirlarni qabul qila olmasligi haqida ogohlantirgan edi. Shu munosabat bilan Serbiya bilan chegara hududlariga yanada ko‘proq armiya qismlarini yuborish va zarurat tug‘ilganidan muhojirlar oqimini to‘xtatishni rejalashtirgan.

Hukumat qochqinlar boshpana so‘rab avvaldan murojaat etishi, aks holda ularning harakatiga chegarani buzib kirish sifatida qaralishini ma'lum qildi. Biroq Suriyada joylashgan muhojirlar guruhlari politsiya halqalarini buzib o‘tib, Xorvatiyaning Tovarnik shahri hududiga kirib kelishdi. So‘nggi 24 soat ichida Xorvatiya hududiga 7,3 ming atrofida muhojir kesib o‘tishdi.

Xabarlarga ko‘ra, ko‘plab muhojirlar ochlik va chanqoqdan aziyat chekishmoqda, ularning aksariyati esa bolalardir.

Top