11:25 / 18.09.2015
12692

Toshkentda birinchi AVTOTEST avtomaktabining ochilishi bo‘lib o‘tdi

17 sentabr kuni Toshkentda birinchi AVTOTEST innovatsion avtomaktabining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yaqin kunlarda avtomaktab 50 nafar o‘quvchini qabul qiladi. Ular ertalabki (9:00-12:00) va kechki (18:00-21:00) guruhlarda tahsil oladi. Ta'lim davri 3 oyni tashkil qiladi.


“Maktabning ochilishi biz uchun juda muhim voqea bo‘ldi, - dedi AVTOTEST kompaniyasi direktori Mahamadxo‘jayev Komilxo‘ja. - Innovatsion avtomaktab g‘oyasi bizni loyihani amalga oshirish davri davomida ilhomlantirib keldi. Mehnatimizning birinchi natijalarini ko‘rishdan xursandmiz. Yaqin kunlarda biz birinchi o‘quvchilarimizdan asosiy maqsadimizni qay darajada amalga oshira olganimizni so‘rab ko‘ramiz. Asosiy maqsadimiz esa ta'lim jarayoni maksimal darajada oson, qiziq va sifatli bo‘lgan avtomaktab yaratish edi”.


“Biz yo‘llarda xavfsizlikni ta'minlashga intilmoqdamiz va yuqori haydovchilik madaniyatini targ‘ib qilib bormoqchimiz. Avtomaktablardan tashqari, biz mediakanallardan foydalangan holda bolalar uchun multfilmlar, yoshlar uchun sitkomlar suratga olishni yo‘lga qo‘ydik. Taniqli ijrochilar bilan hamkorlikda musiqiy materiallar tayyorlanmoqda. Biz to‘g‘ri va savodli mashina haydash yoshlar orasida trend darajasiga chiqishini istaymiz”, - qo‘shimcha qildi u.


AVTOTEST innovatsion avtmaktabi ta'lim va texnologiyalar sohasidagi eng oxirgi yutuqlarga tayangan holda kompleks yechimlarni taklif qiladi. Loyiha ijrochilari kompaniya missiyasi sifatida yo‘l harakat xavfsizligini haydovchilik madaniyatini oshirish yo‘li bilan ta'minlashni ko‘rsatishdi.
AVTOTEST avtomaktabi zamonaviy binoda joylashgan bo‘lib, uning har detali mana shu vazifaga xizmat qiladi. Oxirgi texnika bilan jihozlangan sinfxonalar yuqori darajada qulaydir. Dam olish zonalari esa shunday o‘ylanganki, talabalar mini biblioteka shaklida maxsus jihozlangan, Wi-Fi tarmog‘i va kafeteriyga ega auditoriyalarda vaqt o‘tkazganida ham, shunchaki koridorda yurib ham, bilim olishda davom etadi.


Ma'ruzalar xonasi shaharning asosiy yo‘llar maketi bilan ta'minlangan. Alohida ta'kidlash kerakki, mashina haydashni o‘rganish simulyator bilangina cheklanmaydi. Trenajyorni o‘zlashtirib bo‘lgach, talabalar zamonaviy avtodromda amaliyot o‘tay boshlaydi. Sirg‘ali tumanida joylashgan avtodrom haydovchining turli vaziyatlardagi xatti-harakatlariga baho berish imkoniyatini yaratadi. Avtodromda haqiqiyga yaqinlashtirilgan sharoitlar yaratish mumkin – yomg‘ir, qor, qiya yoki sirpanchiq yo‘llar. Avtodromda mashinani muvaffaqiyat bilan boshqara olgan talabalargina tajribali instruktorlar bilan birgalikda shahar ko‘chalariga chiqadi. Avtomobillar harakat datchiklari va GPS-navigatorlari, shuningdek, videokuzatuv kameralari bilan ta'minlanadi.


Sifat nazorati avtomaktab faoliyatining muhim qismlaridan biridir. Sifat nazorati tizimi o‘z ichiga quyidagilarni oladi: talabalar va o‘qituvchilar o‘z vaqtida auditoriyalarda bo‘lishi, talabalarning darslardagi faolligi, o‘qituvchi ishining sifati va uy vazifalari bajaralishini kuzatish. Baholash har bir darsda olib boriladi: o‘qituvchilar talabalarni, talabalar esa o‘qituvchilarni baholab boradi.
Aytib o‘tish joiz, yaqin kunlarda AVTOTEST Toshkentning Chilonzor tumanida ikkinchi avtomaktabni ochadi. Birinchisi esa Navoiy ko‘chasida joylashgan.

Top