06:29 / 19.09.2015
8495

AIBA rahbari: 2017 yilgi boks bo‘yicha jahon chempionati O‘zbekistonda o‘tkazilishi mumkin

2015 yil 18 sentabrda Toshkentdagi “GRAND MIR HOTEL” mehmonxonasida 19 sentabrda poytaxtdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida APB (AIBA Pro Boxing) musobaqasi birinchi davrasining 60 kg gacha vazn toifasida bo‘lib o‘tadigan titul jangiga bag‘ishlangan matbuot-anjuman bo‘lib o‘tdi. 

Matbuot-anjumanda AIBA (Xalqaro havaskor boks uyushmasi) vakillari, musobaqa ishtirokchilari, hakamlar brigadasi, ijroiya qo‘mita, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Boks federatsiyasi vakillari, jurnalistlar va musobaqani o‘tkazishda yordam bergan tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.

Kirish so‘zi bilan O‘zbekiston boks federatsiyasi raisi birinchi o‘rinbosari Toshmatov Sh.R. ishtirokchilarga murojaat qildi. U APB musobaqalarining o‘tkazilishi tizimi haqida ma'lumot berdi va Xalqaro boks uyushmasiga APB musobaqasi uchrashuvlari Toshkentda o‘tkazilayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi. Toshmatov 19 sentabrda o‘zbekistonlik bokschi Xurshid Tojiboyev va APB’ning 60 kg gacha vazn toifasida amaldagi chempioni qozog‘istonlik Berik Abduraxmonov bilan titul jang o‘tkazilishini aytdi. Shu kuni boshqa uchta vazn toifasida (75 kg, 81 kg gacha va 91 kg dan yuqori) ham reyting janglari bo‘lib o‘tadi. 

So‘ngra Xalqaro boks uyushmasi prezidenti Ching-Kuo Vu so‘z olib, birinchi uchrashuvlar yuqori darajada o‘tganini va keyingi uchrashuvlar ham yaxshi o‘tishiga umid bildirishini aytdi. Ching-Kuo Vu 2017 yoki 2019 yilgi boks bo‘yicha jahon chempionati O‘zbekistonda o‘tishi mumkinligini ta'kidlab o‘tdi.

Anjuman so‘ngida musobaqa ishtirokchilarining vaznlari o‘lchandi.

Top