12:06 / 19.09.2015
3528

Hillari Klinton Trampga o‘zini prezidentlarga munosib tutishni tavsiya qildi

AQSh prezidentligiga nomzod Hillari Klinton o‘z raqibi Donald Tramp saylovchilardan birining amaldagi AQSh prezidenti Barak Obamaning musulmon ekani haqidagi mulohazasini to‘xtatmagani uchun kechirim so‘rashi lozimligini ma'lum qildi.

NBC News telekanalining xabar berishicha, u barcha nomzodlarni ehtirom namoyish etib, o‘zlarini prezidentlarga munosib tarzda tutishni tavsiya qilgan.

“Men hayratda qoldim. Bu endi chegaradan chiqish. Tramp avval-boshdanoq bunday safsataga barham berishi kerak edi”, – dedi Klinton xonim.

Uning fikricha, bu saylovchining so‘zlari “tahqirlovchi xarakterga ega bo‘lib, siyosatda bunga joy yo‘q”.

Trampning saylovoldi kampaniyasi vakili esa Klintonning so‘zlariga e'tiroz bildirib o‘tib: “Muammo shundaki, Obama bu mamlakatda nasroniylarga qarshi urush e'lon qilgan. Nasroniylar yordamga muhtoj, ularning e'tiqod erkinligi xavf ostida”, – deya ma'lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, AQSh prezidenti lavozimiga nomzod Donald Tramp Nyu-Hempshirda saylovchilar bilan uchrashuvda ishtirokchilardan biri Trampga savol berib, quyidagilarni aytib o‘tgan edi: “Bizning davlatda bir muammo bor. U “musulmonlar” deb ataladi. Biz bilamizki, hozirgi prezident ulardan biridir. Bilasizmi, u hattoki amerikalik ham emas”.

Uning savoli Tramp go‘yoki AQShda mavjud islom radikallarini tayyorlash bo‘yicha mashg‘ulot lagerlarini qanday yo‘qotmoqchiligidan iborat bo‘ldi. “Biz bu va boshqa ko‘plab narsalarni ko‘rib chiqamiz”, deb Obamaning diniy qarashlari haqidagi tasdiqqa e'tiborni qaratmaslikka qaror qilgan holda javob berdi Tramp.

Top