10:25 / 19.09.2015
3458

KOICA O‘zbekistonda tarjimonlar tayyorlash loyihasini moliyalashtirdi

Sputnik yangiliklar agentligining xabar berishicha, KOICA O‘zDJTU bilan hamkorlikda Toshkent shahrida professional tarjimonlarni tayyorlash auditoriyasini ishga tushirdi.

Ochilish marosimida Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Li Uk Hen, KOICAning Toshkentdagi idorasi direktori Im Jong Hi va O‘zDJTU rektori Shuhrat Qayumov ishtirok etdi.

Auditoriyaning zamonaviy yangi qurilmalar bilan jihozlangani oliy ta'lim muassasasi o‘qituvchilariga professional tarjimonlarni tayyorlashga ko‘mak beradi.

“Globallashuv sharoitida raqobatbardoshlik xorijiy tillarni bilishga bog‘liq. Professional tarjimonlar tayyorlash auditoriyasi ochilishi bilan yosh kadrlar yanada yaxshiroq sharoitda ta'lim oladilar”, – dedi koreys elchisi.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi – KOICA va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamkorligi doirasida, shuningdek, o‘qituvchilar va talabalarni almashish dasturi ham amalga oshiriladi.

2015 yilning iyun oyida KOICA ishtirokida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ham professional tarjimonlarni kompyuter orqali sinovdan o‘tkazish va ularni tayyorlash markazi ochilgan edi.

O‘zDJTU va JIDUda 2012 yildayoq boshlangan har ikki loyihada professional tarjimonlarni tayyorlash sohasida o‘qitishning tizimlashtirilgan tuzilmalari va modernizatsiyalash ishlari olib borildi. Mazkur maqsadlar uchun Koreya xalqaro hamkorlik agentligi umumiy miqyosda 1,3 mln dollar mablag‘ sarfladi.

Top