17:45 / 19.09.2015
4620

O‘zbekistonda jurnalistlarning professional etikasi kodeksi loyihasi ishlab chiqildi

O‘zbekistonda jurnalistlarning professional etikasi kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda UzReport xabar berdi.

Ushbu loyiha Jurnalistlar ijodiy uyushmasi va O‘zbekiston bosma OAV fondi tomonidan jurnalistlar va soha ekspertlari, fuqarolik institutlari, manfaatdor tashkilotlar vakillari ishtirokida yaratildi.

Mazkur hujjat O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunchiligi asosida, shuningdek, Umumjahon inson hukuqlari deklaratsiyasi, Xalqaro jurnalistikada professional etika tamoyillari, Xalqaro jurnalist axloqi tamoyillari deklaratsiyasi hisobga olingan holda ishlab chiqildi.

Jurnalistlar professional etikasi kodeksining qabul qilinishi mamlakatda inson, uning manfaatlari, huquqlari va erkinligi yuksak qadriyat sanalgan demokratik jamiyatning shakllanishi, OAV mustaqilligini mustahkamlash, fuqarolarning huquqiy madaniyati, bilimi va ongini oshirishga xizmat qiladi.

Ayni vaqtda bu yo‘nalish bo‘yicha 20dan ortiq mavzular ko‘rib chiqilmoqda. Ma'lum qilinishicha, axborot sohasini rivojlantirish, so‘z va axborot erkinligini ta'minlash, jurnalistlar faoliyatini tartibga solish bo‘yicha AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Janubiy Koreya, MDH davlatlarining tajribasi, shuningdek, BMT, YeXHT, YuNESKO va boshqa kator xalqaro tuzilmalarning hujjatlari ham o‘rganib chiqildi.

Top