15:51 / 20.09.2015
36915

Mashhur sportchilarning eng g‘ayrioddiy xaridlari

Devid Bekxem kim oshdi savdolarining birida anchayin g‘ayrioddiy xaridni amalga oshirdi. Angliya terma jamoasining sobiq futbolchisi o‘z imzosi tushirilgan London “Arsenal”ining futbolkasini sotib oldi. Keling, mashhur sportchilar qanday g‘ayrioddiy xaridlarni amalga oshirganini ko‘rib chiqamiz.

Devid Bekxem, o‘z imzosi tushirilgan futbolka

Ko‘pchilik futbol ixlosmandlari “Manchester Yunayted”ning afsonaviy yarim himoyachisiga o‘z imzosi qo‘yilgan, bundan tashqari “qizil iblis”larning raqibi bo‘lgan jamoa belgisi tushirilgan futbolka nega kerak bo‘lganini allaqachon anglab yetishdi. 10 ming funt sterling miqdoridagi bu futbolkani Beks “kanonirlar” akademiyasida shug‘ullanayotgan kichik o‘g‘li uchun sotib olgan ekan. “Arsenal”ning katta ishqibozi Romeo 1 sentabr kuni 13 yoshga to‘ldi.

Futbolka xaridi Londonda bo‘lib o‘tgan xayriya kim oshdi savdosi doirasida amalga oshirildi. Bekxem tomonidan sarflangan pul musiqa yordamida davolanadigan turli xil kasalliklar bilan shug‘ullanuvchi fondga yuborildi. 

Krishtianu Ronaldu va  mum figura

Madrid “Real”i va Portugaliya terma jamoasining hujumchisi Krishtianu Ronalduning qilgan so‘nggi xaridlaridan biri sababli unga ba'zilar o‘zini yaxshi ko‘radigan, nartsizm bilan og‘rigan shaxs sifatida qarashmoqda. Forvard britaniyalik haykaltarosh Maykl Ueyd tomonidan ishlangan o‘zining mum figurasi uchun 20 ming funt sterlingni ayamadi. Futbolchi ustadan bundan ikki yil oldin Madrid muzeylaridan biriga o‘rnatilgan eksponatning aniq nusxasini yasab berishini so‘radi. 

O‘yinchi ishga juda sinchkovlik bilan yondashdi: Ronaldu haykaltaroshga figura uchun o‘zining futbolka va butsisini yubordi, uning soch turmagi bo‘yicha esa, futbolchining shaxsiy sartaroshi shug‘ullandi. “Qirollik klubi” forvardi o‘z haykalini Ispaniyadagi uylaridan biriga o‘rnatmoqchi.

Mayk Tayson va tilla vanna

“Temir Tayson”ning hayotida oq va qora chiziqlar bo‘ldi, ammo amerikalik bokschi hayotida professional faoliyatining boshlanishida deyarli pul bilan bog‘liq muammolar bo‘lgani yo‘q. Tayson filmlarda epizod rollarini o‘ynab ham daromad ko‘radi. Sportchi 2004 yilda sobiq ayoli, aktrisa Robin Givensning tug‘ilgan kuniga hashamatli sovg‘a qildi. U narxi ikki million dollarlik tilla vanna edi.

Sportchi 1989 yilda ajrashgan Givensning bunday sovg‘aga qanday qaraganini aniq bilmaymiz-u, ammo u ajrashganidan so‘ng Tayson bilan aloqalarini qayta tiklamagani aniq.

Zlatan Ibragimovich, orol

Jahon futboli yulduzi Zlatan Ibragimovich – ov ishqibozi. Yaqinda forvard Stokgolmdan uzoq bo‘lmagan joyda butun boshli orolni sotib oldi. Malaren ko‘lida joylashgan Davenso oroli Shvetsiyaga kattaligi jihatidan uchinchi o‘rinda turadi, uning maydoni 500 gektar. Orolda yovvoyi bug‘u va to‘ng‘izlar yashaydi, xohishga qarab u yerda baliq ovi bilan ham shug‘ullanish mumkin.

Xaridning rasmiy bahosi to‘g‘risida xabar qilinmadi. Ba'zi manbalarga ko‘ra, orolning narxi 2,5-3 million yevro.

Per-Emerik Obameyang, Swarovski dan butsi

"Borussiya” hujumchisi Per-Emerik Obameyang futbolchilar jamoasidan o‘zining pushti, och yashil va binafsha rang butsilari bilan ajralib turishga qaror qildi. Gabon terma jamoasi forvardi sport oyoq kiyimini Swarovski kristallari bilan bezadi. O‘yinchi o‘zi uchun ikki juft butsi buyurtma qildi: biri – Gabon jamoasi rangida, ikkinchisi – sobiq jamoasi, Fransiyaning “Sent-Eten” jamoasi belgisi rangida. Har bir juftning narxi 3700 yevroni tashkil qiladi.

O‘yinchi bu yaltiroq butsilarda maydonga bor-yo‘g‘i bir marta – Fransiya chempionatidagi “Lion” jamoasiga qarshi o‘yin oldi tayyorgarligi vaqtida kiyib chiqdi. Obameyang rasmiy uchrashuvlarga an'anaviy poyafzalda chiqishni afzal bildi. Keyinroq boshqa afrikalik futbolchilar ham gabonlik futbolchining yo‘lini tutishdi. Salomon Kalu, Dide Drogba va Floran Maluda kolleksiya uchun shunga o‘xshash dabdabali butsilarni yasattirishdi, biroq ularda maydonga tushishga hali qaror qilishganicha yo‘q. 

Floyd Meyuezer va olmos superkar

Amerikalik bokschi Floyd Meyuezer yaqinda dunyodagi eng ko‘p haq to‘lanadigan sportchi sifatida tan olindi. Joriy yilda uning mablag‘i filippinlik Menni Pakyao bilan uyushtirilgan jang gonorari evaziga 280 million dollarga to‘ldirildi. Shunday statusni namoyish qilish uchun bokschi jiddiy xaridni amalga oshirdi.  Meyuezer 4,8 million dollarga noyob superkar Koenigsegg CCXR Trevitani sotib oldi.

Avtomobil kuzoviga sepilgan olmos changlari hamda cheklangan miqdorda (bor-yo‘g‘i uchta) ekanligi uning o‘ziga xos jihatlari hisoblanadi. Bokschining Koenigsegg kichik hajmi (1,3 tonnadan kamroq) bilan ajralib turadi. Uning dvigateli esa etanol va benzin aralashmasida ishlay oladi. Superkar soatiga 402 kilometr tezlikda yura oladi.

Manba: XABARDOR.UZ

Top