20:07 / 21.09.2015
3482

Auditorlik tashkilotlarida rejali tekshirishlar o‘tkazish davriyligi o‘zgartirildi

O‘zbekistonda keyingi yillarda tadbirkorlik sub'yektlarini himoya qilishni ta'minlash, ular faoliyatiga aralashuvlarni yanada cheklash borasida tizimli va keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Prezidentimizning joriy yil 15 mayda qabul qilingan PF-4725-sonli Farmonida mikrofirma, kichik korxona va fermer xo‘jaliklari faoliyatidagi barcha rejali tekshirishlar ko‘pi bilan 4 yilda bir marta, boshqa tadbirkorlik sub'yektlarida esa ko‘pi bilan 3 yilda bir marta amalga oshirilishi belgilandi.

Ushbu Farmon talablari asosida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining 2015 yil 20 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik sub'yektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-391-sonli Qonuni bilan bir qator qonun hujjatlari qatorida «Auditorlik faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunning 21-moddasiga ham tegishli o‘zgartirish kiritildi.

Jumladan, Qonunning ushbu moddasi oldingi tahririda auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya beruvchi maxsus vakolatli davlat organi, barcha auditorlik tashkilotlarida litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan litsenziya talablari va shartlariga auditorlik tashkiloti tomonidan rioya etilishini nazorat qilishi hamda uch yilda ko‘pi bilan bir marta mazkur masalalar yuzasidan tekshiruv o‘tkazishi belgilangan edi.

Endilikda, ushbu moddaga kiritilgan o‘zgartirishga muvofiq mikrofirma va kichik korxonalar jumlasiga kiruvchi auditorlik tashkilotlarida tekshiruv rejali tartibda faqat nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus vakolatli organning qaroriga binoan to‘rt yilda ko‘pi bilan bir marta o‘tkazilishi belgilandi.

Shuningdek, qayd etilgan Farmonda belgilangan me'yorlarga asosan boshqa tadbirkorlik sub'yektlari bilan bir qatorda auditorlik tashkilotlarida ham moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan, ya'ni buxgalteriya va boshqa hujjatlarni o‘rganishni talab etmaydigan rejali tekshirishlar muddati 10 kalendar kunidan oshmasligi belgilandi.

"Muxtasar aytganda qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar mamlakatimizda tadbirkorlik sub'yektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning samarali faoliyat yuritishi uchun yanada kengroq imkoniyat yaratadi", deb ma'lumot beradi Davlat soliq qo‘mitasi sho‘'ba boshlig‘i A. Bobomurodov.

Top