20:20 / 21.09.2015
4626

Hukumat O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan sigaretlarga kamida 20 foiz mahalliy tamaki qo‘shish majburiyatini qo‘ydi

O‘zbekiston hukumati British American Tobacco Uzbekistan kompaniyasiga sigaret ishlab chiqarishda 20 foiz mahalliy tamaki qo‘shish majburiyatini yukladi. Bu haqda hukumatning dushanba kuni chop etilgan qarorida aytilgan.

O‘zbekiston sigaret ishlab chiqarish monopolisti bo‘lmish BAT Uzbekistan, bundan buyon beshdan bir qismi O‘zbekistonda yetishtirilgan tamakidan tashkil topgan sigaretlar ishlab chiqarishga majbur hisoblanadi.

“Olib kirilgan tamakining hajmi, yillik tamaki mahsulotining 80 foizdan ko‘p bo‘lmasligi kerak”, — deyilgan ushbu hujjatda.

Undan tashqari BAT Uzbekistan mahsulotning 50 foiz qiymatini mahalliy fermerlarga avans tariqasida to‘lashi kerak bo‘ladi.

Sputnik nashri ma'lumotiga ko‘ra, fermer xo‘jaliklari yiliga 15 ming tonna “Dyubek” va “Izmir” sortlariga mansub tamaki mahsulotlari yetishtiradi. Undan 85 foiz BAT Uzbekistan kompaniyasiga yetishtirib beriladi.

Ma'lumot uchug, 10 yil muqaddam British American Tobacco "Uztabak" korporatsiyasining yarmidan ko‘pini sotib olib "UZBAT A.O." (BAT Uzbekistan) korxonasini tashkil qilgandi.

O‘zbekiston tamaki mahsulotlari bozori yiliga 17 milliard sigaretni tashkil qiladi. Mahalliy korxona ulushi 90 foiz. Noqonuniy olib kelingan sigaretalar kam uchraydi. Ular asosan Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistondan olib kelinadi.

Top