10:55 / 21.09.2015
3567

O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Osiyo chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi

Temur Olimxo‘jayev boshchiligidagi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Osiyo chempionati-2016 saralash bosqichi doirasidagi uchinchi o‘yinda ham yirik hisobda g‘alaba qozondi.

Falastinning ar-Ram shahrida joylashgan “Faysal al-Husayn” stadionida Yaman o‘smirlar terma jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bu safar O‘zbekiston U-16 terma jamoasi raqib darvozasiga beshta to‘p kiritdi.

Har ikki jamoa ham o‘tkazilgan avvalgi ikki o‘yinda g‘alaba qozongan va 6tadan ochkoga ega bo‘lib turgandi. Har ikkisida ham guruhdan birinchi o‘rin bilan Osiyo chempionatiga yo‘l olish imkoniyati bor edi. Shu sababli o‘yinning dastlabki choragi ehtiyotkorlik bilan o‘tdi.

Shunday bo‘lsa-da, o‘yindagi ustunlik o‘zbekistonliklar tomonida ekani yaqqol ko‘rinib turgandi. O‘yindagi bu ustunlikni O‘zbekiston U-16 23-daqiqasida raqib darvozasini ishg‘ol qilish bilan mustahkamladi. Rasul Yo‘ldoshev uchrashuvdagi dastlabki golni urdi. Biroq oradan o‘n daqiqacha vaqt o‘tib, raqib jamoa hisobni tenglashtirishning uddasidan chiqdi. Muhammad al-Hamdoni kiritgan golga O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi sardori Abubakr Mo‘ydinov darhol javob qaytarib, hisobda yana Olimxo‘jayev shogirdlarini oldinga olib chiqdi. Tanaffusga chiqish oldidan Shuhrat Ne'matov ham o‘z hisobiga gol yozib qo‘ydi. Birinchi bo‘lim 3:1 hisobida O‘zbekistonning g‘alabasi bilan yakunlandi.

Uchrashuvning ikkinchi bo‘limida Rasul Yo‘ldoshev yana ikki bor raqib darvozasini aniq nishonga oldi. Bu uning ushbu saralash bosqichidagi ikkinchi xet-triki bo‘ldi. Birichni o‘yinda olgan jarohati tufayli Falastin bilan o‘yinda maydonga tusha olmagan Yo‘ldoshev ikki o‘yinda 6ta gol kiritishga muvofaq bo‘lgan.

Uchrashuvga qo‘shib berilgan daqiqalar o‘tib borayotgan bir paytda Yaman hisobdagi farqni biroz qisqartirdi. Murod Murshid kiritgan bu gol Yamanni yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan qutqarib qololmadi – 5:2.

O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi, Osiyo chempionati saralashidagi barcha o‘yinlarda yirik hisob bilan raqiblarini mag‘lub etdi. Dastlabki o‘yinda Maldiv orollari jamoasi darvozasiga javobsiz 8ta gol urgan bo‘lishsa, ikkinchi o‘yinda Falastin 6:0 hisobida mag‘lub etilgan edi.

O‘zbekiston U-16 “A” guruhi g‘olibi sifatida kelasi yilning 15 sentabridan 2 oktabrigacha Hindistonda o‘tkaziladigan Osiyo chempionati final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

16 sentabr

O‘zbekiston - Maldiv 8:0
Yaman - Falastin 2:0

18 sentabr
Maldiv - Yaman 0:6
Falastin - O‘zbekiston 0:6

20 sentabr
O‘zbekiston – Yaman 5:2
Falastin – Maldiv 3:0

Top