11:27 / 21.09.2015
2635

Toshkentga qariyb 60ta davlat dzyudochilari Gran-pri musobaqasida qatnashish uchun tashrif buyuradi

Toshkentdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida 1-3 oktabr kunlari O‘zbekiston tarixida uchinchi marta dzyudo sport turi bo‘yicha Gran-pri seriyasi musobaqasi bo‘lib o‘tadi

Gran-pri seriyasi musobaqalari har yili dunyoning 10ta davlatida o‘tkaziladi. Toshkent bunday musobaqalarni o‘tkazish huquqini 2016 yilgacha 4 yillik muddatga qo‘lga kiritgan.

O‘zbekistonda sportga ajratilayotgan katta e'tibor, o‘zbek dzyudo maktabining tan olinishi va nufuzi, o‘zbek dzyudochilarining xalqaro arenalardagi muvaffaqiyatlari O‘zbekiston jahondagi eng yirik sport musobaqalaridan birini qabul qilishiga ta'sir ko‘rsatgan omillar bo‘ldi.

Xalqaro dzyudo federatsiyasi vakillarining e'tirof etishicha, O‘zbekistonda o‘tkazilgan Gran-pri seriyasining 1- va 2-musobaqalari yuqori saviyada o‘tkazildi. Birinchi Gran-Pri musobaqasida 20dan ortiq, 2-sida esa 42ta davlat sportchilari ishtirok etishdi.

Bu yilgi musobaqada esa deyarli 60ta davlat dzyudochilari ishtirok etishlarini tasdiqlashdi. Bu bejizga emas, chunki musobaqada qo‘lga kiritilgan ochkolar Rio-de-Janeyroda o‘tkaziladigan 2016 yilgi Olimpiyadaga borish huquqini qo‘lga kiritish uchun reyting ballariga qo‘shib boriladi.

O‘zbekiston dzyudo federatsiyasining ma'lum qilishicha, shu munosabat bilan 30 sentabrda Toshkentdagi Wyndham (sobiq “Dedeman”) mehmonxonasida matbuot-anjumani bo‘lib o‘tadi.

Top