10:22 / 22.09.2015
13498

Toshkentlik erkak singlisi va onasini pichoqlab qo‘ydi

Toshkent viloyatida sodir bo‘lgan oilaviy janjal ikki kishining o‘limi bilan yakun topdi. Voqea tafsilotlari “Postda” gazetasida o‘z aksini topdi.
To‘rabek ismli odamning Shermurod va Dilmurod ismli ikki o‘g‘li, Farida ismli qizi bor edi. To‘rabek ularning barchasini oilali qilib, endi rafiqasi bilan keksalik gashtini sura boshlaganida, qizi 3 oy deganda turmushi buzilib, uyiga qaytib keldi.

U yangalari bilan kelisha olmagani bois Shermurod va Dilmurod ota-onasining uyidan chiqib ketib, qaynotalarinikida yashay boshladi.
Oradan ancha vaqt o‘tib, Farida uyga yarim tunda qaytayotgani haqidagi gap-so‘zlar akalarning qulog‘iga chalina boshladi. Singlisiga nasihat qilish maqsadida bir kuni Shermurod ota uyiga borib, onasini o‘rtaga olib suhbat boshladi. Ammo u onasini ham, singlisini ham o‘z gaplariga ko‘ndira olmaganidan, suhbat qizg‘in bahsga aylana boshladi.

Janjal avjiga chiqib, Farida akasining ichkuyov bo‘lib yashab yurganini yuziga solgach, bu gapga chiday olmagan Shermurod qo‘liga pichoq olib, singlisini ham, onasini ham bo‘g‘izlab tashladi.
Oila boshlig‘i To‘rabek ota nafaqa pulini olib uyga qaytganida Shermurod allaqachon qaynotasining uyiga ketgan edi. IIB xodimlari qotilni aynan o‘sha yerdan olib ketishdi. To‘rabek ota esa ertasi kuni turmush o‘rtog‘i va qizining dafn marosimini o‘tkazdi.

Top