14:30 / 23.09.2015
6438

OAV: kelinning sepiga 5 mln dan 50 mln gacha sarflanmoqda

“Darakchi” gazetasida to‘y marosimlaridagi isrofgarchiliklar tanqidiga bag‘ishlangan navbatdagi material e'lon qilindi. Unda ta'kidlanishicha, qizlarning sepiga atalgan sandiqlarni to‘ldirishning o‘ziga bugungi kunda 5-50 mln o‘rtasidagi mablag‘ sarflanmoqda.

Material muallifi to‘ylarning boshqa xarajatlarini sanab o‘tdi. Bular orasida tog‘ora jo‘natish, qiz tomonning 2-10 mln so‘mlik mebel xarid qilishi, nahor oshi marosimining alohida va to‘laqonli to‘yga aylantirib yuborilishi shular jumlasidandir.
Lekin qiz tomonning xarajatlari to‘y bilan yakun topmaydi.
“Qiz uzatganga qirq yil tegma. Bu maqolni unuting. Hali oldinda haftalik turibdi”, – deb kinoya qiladi maqola muallifi.

Ta'kidlanishicha, charlarida kuyovga qo‘yiladigan sarponing o‘zi 2 mln so‘mdan ortadi. Charlari marosimini o‘tkazishga ketadigan o‘rtacha xarajat esa 7-8 mln so‘mni tashkil qiladi. Bundan tashqari, haftalik marosimida yosh oilaga biror maishiy texnika buyumi – changyutkich yo muzlatkich tortiq etiladi. Bu sovg‘aning ham eng arzoni 2 mln so‘mdan kam bo‘lmasligi kerak.

“Yevropaga taqlid qilib kelinlarga yelkasi ochiq kiyim kiydirishni o‘rgandik, gul otish marosimini ham xuddi o‘zimiznikidek qabul qildik, lekin ular kabi kamxarajat 50-100 kishi bilan ortiqcha isrofsiz to‘y qilishni hech o‘rgana olmadik-da”, – deb xulosa qiladi jurnalist.

Top