11:38 / 23.09.2015
3558

Sergey Lushchan "Bunyodkor" jamoasi murabbiyligidan iste'foga chiqdi

20 sentabr kuni Oliy Liganing 22-turi doirasida Farg‘ona shahrida o‘tgan “Neftchi”ga qarshi mag‘lubiyatli uchrashuvdan so‘ng (0:2) “Bunyodkor” FK bosh murabbiyi Sergey Lushchan iste'fo berdi. Bu haqda "qaldirg‘ochlar" jamoasi rasmiy sayti xabar bergan.

"Klub rahbariyati uning arizasini ko‘rib chiqdi va iste'fo borasidagi murojaatni qabul qildi. Shuningdek, sobiq bosh murabbiyga klubda olib borgan faoliyati uchun minnatdorchilik bildirildi. Ayniqsa, Sergey Ivanovichning asosiy jamoaga bir necha yoshlarni jalb etgani va ularning mahoratini oshirishda katta hissa qo‘shganligi, qolaversa turli yoshdagi terma jamoalarga qanchadan-qancha nomzodlarni yetishtirib berganligi alohida e'tirof etildi.

“Bunyodkor” FK rahbariyati Sergey Lushchanni uning avvalgi lavozimi – “Bunyodkor” futbol maktabi direktorligiga qaytarishni ma'qul topdi", deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun, Sergey Ivanovich “Bunyodkor” FK bosh murabbiyi sifatida 2014 yilning 3 iyunidan 2015 yilning 22 sentabriga qadar faoliyat yuritdi. Shu vaqt oralig‘ida u “qaldirg‘ochlar”ga 56ta uchrashuvda ustozlik qildi. Shularning 31tasida g‘alaba, 9ta bahsda durang va 16ta uchrashuvda mag‘lubiyat qayd etildi. To‘plar farqi 77-44, “Bunyodkor” foydasiga. Uning boshchiligida “qaldirg‘ochlar” ikki bor mamlakat kubogi finaliga yo‘llanma olishdi.

Top