23:25 / 23.09.2015
2509

Volkswagen rahbari dizel dvigatellar bilan bog‘liq mojaro tufayli iste'foga ketdi

Volkswagen bosh direktori Martin Vinterkorn dizel dvigatellar bilan bog‘liq mojaro tufayli iste'foga ketishini ma'lum qildi. Bu haqda Associated Press axborot agentligi xabar berdi.

“Volkswagen yangilanishi kerak. Yangilanish mening iste'foimdan boshlana qolsin”, deb aytdi Vinterkorn.

Vinterkorn o‘zi tomondan qandaydir qoidabuzarlik bo‘lganini bilmasada, buni kompaniya manfaat yo‘lida qilayotganini ta'kidlab o‘tdi.

Sentyabrda kompaniya prezidiumi Vinterkorn bilan shartnomani 2018 yilning oxirigacha uzaytirishni tavsiya qilgan edi.

68 yoshli top-menejyer kompaniyaga 2007 yildan beri boshchilik qilib kelayotgan edi va shundan beri kompaniya katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Volkswagen Vinterkorn paytida Porsche, MAN, Scania, Ducati kabi brendlarni xarid qildi. Kontsern avtomobillari savdosi 65 foizga oshdi. Bu davrda xodimlar soni 330 mingdan 600 minggacha oshdi.

23 sentabrda AQShning atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi Volkswagen‘ning 3 litrli turbodizel dvigatellari bo‘yicha yangi tergovni boshladi.

Top