12:30 / 23.09.2015
5308

Xorazmda shifokorning sustkashligi tufayli ikki oylik chaqaloq halok bo‘ldi

Xorazmning Qo‘shko‘pir tumanida ikki oylik chaqaloq shifokorning sustkashligi tufayli halok bo‘ldi. Voqea tafsilotlari “Darakchi” nashrida keltirildi.

Shu tumanda istiqomat qiluvchi Nargiza Safarbayevaning gazetaga murojaatida aytilishicha, u farzandi bilan tumandagi bolalar shifoxonasiga yotgan. Bolaga 8 kun mobaynida oliy toifali shifokor Halima Ahmedova qarab borgan. 9-kuni ular shifoxonadan chiqarilgan, ammo shu kunning o‘zidayoq bolaning sog‘lig‘i yana yomonlashgan. Uning isitmasi chiqib, ichi ketib, yuragi va o‘pkasi ishdan chiqqan. Ikkinchi bor jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan chaqaloq, ikki oylik Rahimova Hilola olamdan o‘tgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi onalik va bolalikni muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Saidmurod Ismoilovning so‘zlariga qaraganda, bu fojiada davolovchi shifokor H. Ahmedova tomonidan sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan. U davolash jarayonini noto‘g‘ri olib borishi bilan birga, bemorning ahvoli yaxshilanmasdan turib unga javob bergan. Bundan tashqari, uning shifoxonadan chiqarilgani to‘g‘risida qishloq vrachlik punktiga xabar bermagan.

Mitti bolaning o‘limiga aybdor bo‘lgan shifokorga nisbatan intizomiy chora ko‘rilgani ta'kidlandi. Lekin bu “intizomiy chora” uni TTB bolalar bo‘limi shifokorligidan ozod qilinib, Qo‘shko‘pir tuman tibbiyot birlashmasining KTMPga uchastka pediatri vazifasiga o‘tkazishdan iborat bo‘lgan. Ushbu lavozimda ham H. Ahmedova navbatdagi sustkashlikka yo‘q qo‘yishi mumkinligi va navbatdagi fojiaga sababchi bo‘lishi mumkinligi e'tiborga olinmagan ko‘rinadi.

Top