12:57 / 24.09.2015
3737

Paff Deddi jahonning eng boy rep ijrochisi deb topildi

Forbes jurnali jahonning eng katta daromad oluvchi rep ijrochilari reytingini chop etdi. Reytingning 1-pog‘onasini Paff Deddi yoki Pi Diddi (Diddy) taxalluslari bilan taniqli bo‘lgan Shon Kombs egalladi. Xonanda 2014 yil iyunidan 2015 yil iyunigacha 60 mln dollar ishlab topdi.

Hammasi bo‘lib reytingga 20 nafar rep ijrochi kiritildi. Ular topgan umumiy daromadga asosiy qo‘shiqchilik faoliyatlaridan olingan daromad bilan birga reklama shartnomalari va o‘z shaxsiy bizneslaridan olingan daromadlar ham kiritildi. Deddi ayni paytda ko‘p konsert bermaydi, biroq u asosiy daromadni tadbirkorlik faoliyatidan oladi. Xonanda Sean John brendiga ega bo‘lib, Revolt televizion tarmog‘i, Aquahydrate ichimlik suvi va Ciroc spirtli ichimlik ishlab chiqaruvchilarida o‘z ulushiga ega.

2-o‘rinni 54 mln dollar bilan Jay-Z egalladi. Xonanda asosiy daromadni rafiqasi Beyonse bilan birgalikda uyushtirgan shoularidan olgan gonorarlar, Roc Nation ko‘ngilochar kompaniyasi va Armand de Brignac vinosi ishlab chiqarishi hisobidan oldi.

Kanadalik rep ijrochi Obri Dreyk Grem reytingning 3-o‘rinini egalladi. Rep ijrochi 39,5 mln dollar ishlab topdi. Bir yil davomida xonanda 50dan ko‘proq konsert berdi hamda “oltin” albomga aylangan If You're Reading This It's Too Late albomini chiqardi va Sprite va Nike brendlari reklama tadbirlarida ishtirok etdi.

Reytingdan, shuningdek, Dr.Dre (33 mln dollar), Farrell Uilyams (32 mln dollar), Eminem (31 mln dollar), Kane Uest (22 mln dollar) ham o‘rin oldi. Reytingdan o‘rin olgan yagona ayol rep ijrochi Niki Minaj bo‘ldi va u bir yil davomida 21 mln dollar ishlab topdi.

Avvalgi yilgi reytingda 1-o‘rin Dr. Dre’ga nasib qilgan edi, u o‘zining audioqurilmalar ishlab chiqaruvchi Beats Electronics kompaniyasini Apple korporatsiyasiga sotishidan 620 mln dollar daromad olgan. 2- va 3-o‘rinni 60 mln dollardan ishlab topgan Diddy va Jay-Z egallagan edi.

Top