17:11 / 24.09.2015
4009

Shanxayda Qurbon hayiti bayram qilinmoqda

Dunyoning boshqa davlatlari kabi Xitoyda ham 24 sentabr Qurbon hayiti kuni deb e'lon qilindi. Mamlakatning yirik shaharlaridan bo‘lgan Shanxaydagi Xio Tao Yuan masjidida erta tongdan xorijlik va mahalliy musulmonlar jamlandi. Mahalliy vaqt bilan soat 8:30 da imom-xatib Hoji Muso boshchiligida hayit namozi ado etildi. Qurbon hayiti namoziga yig‘ilgan jamoat orasida Hindiston, Pokiston, Afg‘oniston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va arab davlatlaridan kelgan musulmonlarni ko‘rish mumkin.

– Masjidimiz Shanxaydagi musulmonlar uchun eng yirik ibodatgoh sanaladi. Bu yerga xorijiy davlatlar rahbarlari ham tashrif buyurgan. Masjidimiz mahalliy musulmonlar jamlanadigan ma'rifiy maskan vazifasini ham bajaradi. Shanxay musulmonlar uyushmasi aynan bizning masjidda joylashgan, – deydi Shanxay shahri hamda Xio Tao Yuan masjidi imom-xatibi Hoji Muso.

Suhbatdoshimizning hikoya qilishicha, Shanxayda taxminan 200 ming musulmon istiqomat qiladi. Sakkizta jome masjid faoliyat yuritmoqda. Xususan, Xio Tao Yuan masjidi 1917 yilda qurilgan. 1925 yilda ibodatgoh islom va xitoy me'morchilik an'analari asosida qayta bunyod etilgan. Asosiy xonaqoh o‘z bag‘riga 500 kishini sig‘diradi. Bu yerda ayollar uchun ham alohida xonalar mavjud. Shuningdek, Xio Tao Yuan masjidida boshlang‘ich islomiy maktab va yirik kutubxona joylashgan.

Shanxayga islom dini Yuan (1271-1368), ya'ni mo‘g‘ul sulolasi hukmronligi davrida kirib kelgan. Ayni paytda Xitoyning moliyaviy poytaxti sanalgan shaharda musulmonlar jamoasi kengayib bormoqda.

Manba: qadriyat.uz

Top