18:25 / 26.09.2015
17336

Yevropaning eng go‘zal 15 nuqtasi

Dunyoda ko‘zni quvnatadigan go‘zal maskanlar juda ko‘p. Shunday ekan sizu bizda umrimiz davomida yangidan-yangi joylarni borib ko‘rish, boshqa xalqlar va madaniyatlar bilan tanishish, shuningdek, maza qilib dam olish imkoniyati mavjud. Kurramizning har bir nuqtasi shu qadar batakrorki, undaki hamma joyni borib ko‘rishga umrimiz ham yetishmas, balki. Sayohat ajoyib-da! Agar zerikkan bo‘lsangiz, o‘zingizni go‘yo bir nuqtada qotib qolganday his qilsangiz hech ikkilanmay, sayohatga otlaning. Kimda-kim sayohat ilinjida bo‘lsa, dunyo sirli kitobidan Yevropaning eng maftunkor 15 ta shahri haqidagi ma'lumotlarni sizga taqdim etamiz.

1.Fordlar, Norvegiya

Meditatsiya uchun eng maqbul joy, bu Norvegiya sohillari bo‘lsa kerak. Suvdan qad rostlagan qoyalar, nabotot olamiga boy yashil tog‘lar, qor bilan qoplangan cho‘qqilar – bunday go‘zalliklar hech bo‘lmaganda bir marta borib ko‘rishga arziydi.

2.Shamoni, Fransiya

Ilk qishki Olimpiada o‘tkazilgan ushbu shaharcha Alp tog‘ining baland cho‘qqilaridan biri Monblan tagida joylashgan.

3.Galshtatt, Avstriya

Avstriya hududida joylashgan baland Alp tog‘lari bag‘ridagi bu shaharcha unda 3000 yildan beri qazib olinadigan tuzi bilan mashhur. U sayyohlar orasida hayratlanarli tabiat peyzajlari bilan nom qozongan.

4.Plitvits ko‘li, Xorvatiya

Yevropaning janubi-sharqida joylashgan qadimiy milliy bog‘lardan biri o‘zining pog‘ona-pog‘ona ko‘llari bilan mashhur.

5.Meteora, Gretsiya

Gretsiya shimolidagi qoyalar ustida eng yirik cherkovlar kompleksi  joylashgan. U “Meteora” deb nomlanib, “havoda muallaq turganlar” ma'nosini anglatadi.

6.Ansi ko‘li, Fransiya

Ansi ko‘li Yevropadagi eng toza ko‘l bo‘lganligi uchun u joylashgan hudud sayohat va suv sport turlari ixlosmandlari tomonidan yuqori baholanadi.

7.Gigantlar yo‘li, Shimoliy Irlandiya

Gigantlar yo‘li — 40 000 ta o‘zaro birlashgan bazalt va andezit kalonnalar bo‘lib, ular qadimda otilgan vulqon natijasida shakllangan. Bu joy Buyuk Britaniyaning tabiat mo‘'jizalaridan biri sifatida qayd etilgan.

8.Kappadokiya, Turkiya

Ushbu joy o‘ziga xos ravishda shakllangan qoyalari tufayli sayyohlar orasida shuhrat topgan. Ular “mo‘'jizaviy mo‘rilar” nomi bilan mashhur.

9.Noyshvanshtayn qasri, Germaniya

Bu joy attraksionlar bog‘idagi ertaknamo qasrni yaratishda Disneyga ilhom bag‘ishlagan. Noyshvanshtayn – Bavariyadagi eng ommabop sayyohlik nuqtasidir.

10. Santorini, Gretsiya

Qit'aning janubi-sharqida joylashgan mazkur grek oroli bundan ming yillar ilgari insoniyat tarixidagi eng yirik vulqonlardan biri sababli deyarli vayron bo‘lgan edi. Bugungi kunda esa Santorini o‘zining O‘rtayer dengizining mo‘'jaz va yoqimli muhiti hamda insonni qushday yengil qiluvchi ochiq tabiati bilan nom qozondi.

11. Verdon darasi, Fransiya

700 metr chuqurlikdagi Verdon darasiga Yevropaning eng go‘zal daryo kanonlaridan biri sifatida qaraladi. 

12. Selyalandsfoss sharsharasi, Islandiya

Islandiyaning bu xushmanzara sharsharasi suratini ko‘plab joylarda, jumladan kalendarlarda tez-tez uchratish mumkin.

13. Jyeneva ko‘li, Shveytsariya / Fransiya

Yevropaning yirik ko‘llaridan biri bo‘lgan Jyeneva ko‘li qorli tog‘lar, qal'alar va uzumzorlar bilan o‘ralgan.

14. Praga, Chexiya

Bu shahar o‘zining maftunkor ilonizi ko‘chalari hamda gotik uslubida qurilgan binolari bilan juda mashhur. Pragaga “ming minoralar shahri”, deya qarashadi.

15. Lauterbrunnen vodiysi, Shveytsariya

Shveytsariyaning Lauterbrunnen vodiysiday go‘zal maskanni dunyoning boshqa yeridan topish juda qiyin. Sharsharalar, qorli cho‘qqilar, insonga sokin ruh, mamnunlik hissini beruvchi manzara, cherkovlarning nayzasimon minoralari – ularga soatlab termulib turish mumkin.

Mana sizga tabiat mo‘'jizalari. Ammo siz istagan yeringizda mo‘'jiza yaratishingiz mumkin. Azizlar, agar sayohatga chiqishga imkoningiz bo‘lmasa, qayg‘urmang, derazalaringizni oching, qarang olam qanchalik go‘zal!!!

Top