06:15 / 26.09.2015
4600

OAV: Braziliya sudi Neymarning 48 mln dollarlik hisob raqamini muzlatib qo‘ydi

Braziliya sudi futbol bo‘yicha milliy terma jamoa o‘yinchisi Neymar va uning oilasi a'zolarini soliq to‘lamaslikda gumon qilib, ularning bankdagi hisob raqamlarini muzlatib qo‘ydi. Bu haqda Correio Brasiliense nashri ma'lum qildi. Nashrning ma'lumotlariga ko‘ra, gap 188,8 mln braziliya reali (48 mln dollar atrofida) qiymatidagi vositalarning to‘sib qo‘yilishi haqida ketmoqda.

Neymar 2011-2013 yillar davomida soliq to‘lamaganlikda ayblanmoqda. 2013 yilda Neymar “Santos”dan “Barselona”ga o‘tgan. Karlos Muta ismli sud hakami futbolchining hisob raqamlarini muzlatib qo‘yishga qaror qildi. Tekshiruvchi muassasalarning fikricha, Neymar soliq deklaratsiyasida boyligini 19,6 mln real (5 mln dollar) qilib ko‘rsatgan, aslida esa bu qiymat unga tegishli mul-mulkning faqatgina 8 foizinigina tashkil qiladi.

Neymarning nomi yana bir shov-shuvli ishda tilga olinmoqda. “Barselona” rahbariyati va klubning sobiq va amaldagi prezidentlari Sandro Rossel va Xosep Bartomega futbolchining klubga o‘tishi paytida 13 mln yevro miqdorida soliq to‘lamaganlik bo‘yicha ayblov qo‘yildi.  

Dastlab Rossel Neymar klubga 57,1 mln yevroga o‘tganini aytgan, biroq keyinroq klub rahbariyati futbolchi bilan qo‘shimcha shartnomalar mavjudligini tan olgan. Futbolchining otasi esa transferning haqiqiy bahosi sifatida 100 mln yevro atrofidagi summani aytgan.

Top