20:05 / 27.09.2015
5230

Forbes oxirgi o‘n yillikning eng ko‘p pul topgan sportchilari ro‘yxatini chop etdi

AQShning Forbes jurnali hisob-kitoblariga ko‘ra, mashhur golfchi Tayger Vuds oxirgi o‘n yillikning eng ko‘p foyda olgan 20 sportchisi orasida eng ko‘p pul topgan. 

Vudsning daromadi 845 mln dollarga baholandi. Golfchi 2000-yillar oxirida yiliga 100 mln dollardan ishlab topgan. Biroq 2009 yilda sportchi rafiqasiga xiyonat qilgani fosh bo‘lgach uning barcha hamkorlari undan yuz o‘girishgan. Oxirgi ikki yil ichida bir vaqtlar 1-raqamli golfchi bo‘lgan Vuds jarohatlari tufayli ko‘pgina musobaqalarni o‘tkazib yubordi va hozirda golfchilar reytingida 292-o‘rinni egallamoqda.

Reytingda 2-o‘rinni bokschi Floyd Meyvezer egalladi. 2005-2015 yillar davomida superbokschi 660 mln dollar ishlab topgan. Bokschi bu summaning deyarli yarmini Menni Pakyaoga qarshi uchrashuvi evaziga olgan.

3-o‘rinni basketbolchi Kobi Brayant egallamoqda, u oxirgi o‘n yillik davomida 475 mln dollar ishlab topdi.

Eng ko‘p pul topgan sportchilarning yuqori o‘ntaligidan basketbolchi Lebron Jyeyms (472 mln), golfchi Fil Mikelson (468 mln), tennischi Rojyer Federer (455 mln), futbolchi Devid Bekxem (441 mln), bokschi Menni Pakyao (432 mln) va dunyoning ikkita eng kuchli futbolchisi Krishtianu Ronaldu (407 mln) va Lionel Messi (350 mln) o‘rin oldi.

Reytingning ikkinchi o‘ntaligiga “Formula-1” poygasining uch nafar poygachisi –Fernando Alonso, Kimi Raykkonen va Lyuis Xemilton hamda ikki tennischi – Rafael Nadal va Mariya Sharapova kiritildi.

Dunyoning eng katta haq oluvchi sportchilarining o‘n yillik davomida ishlab topgan pullarining umumiy miqdori 7,7 mlrd dollarni tashkil qildi.

Top