15:46 / 27.09.2015
10502

Iroq Rossiyaning "IShID"ga qarshi kurashdagi harakatlariga izoh berdi

Iroq hukumati Rossiya, Suriya va Eron bilan hamkorlikda IShIDga qarshi kurash uchun axborot markazi tashkil qilingani haqidagi xabarlarni tasdiqladi. Bag‘doddagilar bu agentlikning maqsadiga ham oydinlik kiritib o‘tishgan.

Iroq tomonidan bildirilgan ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning Iroq va Suriya hududida faollashuvi bu mamlakatning minglab fuqarolari IShID jangarilari safiga o‘tib ketayotgani bilan bog‘liqdir.

25 sentabr kuni Iroq hukumati Rossiya, Suriya va Eron bilan hamkorlikda "IShID"ga qarshi kurash doirasida muvofiqlashtiruvchi markaz tuzilishi haqidagi xabarlarni rad qilgandi.

26 sentabr kuni ishonchli manba asosida Rossiya, Suriya, Iroq va Eron IShIDga qarshi kurash doirasida axborot markazi tashkil etgani to‘g‘risida xabarlar tarqatildi.

27 sentabr kuni esa Iroq hukumati “IShID”ga qarshi kurashda Rossiya va Suriya bilan hamkorlik qilishi ma'lum bo‘ldi.

Bu hamkorlikka ko‘ra, agentlik xodimlari jangarilarning harakatlari bo‘yicha ma'lumotlar yig‘ish, ularni tahlil qilish va natijalarni tezkor ravishda ko‘rsatilgan davlatlarning bosh shtablariga jo‘natish bilan shug‘ullanishlari belgilab qo‘yilgan.

Kelishuvga ko‘ra, ushbu markazni Rossiya, Suriya, Eron va Iroq davlatlari vakillari 3 oylik muddat bilan navbatma-navbat boshqarib borishadi. Birinchi 3 oylik muddatda rahbarlik Iroq vakilida bo‘ladi.

Top