15:13 / 27.09.2015
4530

Merkel: Germaniya BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a'zosi bo‘lishni istaydi

Germaniya kansleri Angela Merkel 26 sentabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashi tarkibini isloh qilish taklifi bilan chiqdi.

Uning fikriga ko‘ra, kengash tarkibini o‘zgartirish orqali uning ta'sirchanligiga erishish mumkin bo‘ladi.
"Bizga yangi ishlash uslublari va muammolarni hal qilishda yangicha yondashuvlar kerak", dedi Merkel xonim BMTning 70-sessiyasi doirasida Braziliya, Hindiston va Yaponiya davlatlari vakillari bilan uchrashuv chog‘ida.

"Ayni vaqtda Xavfsizlik kengashining hozirgi faoliyatidan noroziligini bildirgan tomonlar to‘rttani tashkil qiladi. Lekin Germaniya, Braziliya, Hindiston va Yaponiyadan tashqari boshqa mamlkatalar ham kengashning ishidan rozi emas. Biz BMTning Xavfsizlik Kengashi 21 asrga mos bo‘lishi kerak, deb bilamiz", deb qo‘shimcha qildi u.

Ma'lumot uchun, BMT Xavfsizlik Kengashiga 15 a'zo kiradi, shundan 5ta davlat vakillari doimiy a'zolar hisoblanishadi (AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya va Fransiya). Doimiy a'zolarning har biri veto huquqi va Xavfsizlik kengashining istalgan qarorini bekor qilish imkoniga ega hisoblanadi.

Germaniya va Yaponiya BMT XK tarkibida AQShdan keyingi 2 va 3-o‘rinda turuvchi donorlar hisoblanishadi. Ular o‘zlarini XKning doimiy a'zosi bo‘lish uchun munosiblar sifatida doimiy ravishda o‘zlarining shu istaklarini bildirib kelishmoqda. 2004 yilda bu ikki davlatga Hindiston va Braziliya ham qo‘shilgan va kengash ichida "To‘rtlar guruhi" (G4) paydo bo‘lgandi.

2014 yilda maxsus guruh tuzilgan va bu guruh BMTning XK tarkibi bo‘yicha so‘rovnoma va tadqiqotlar o‘tkazib, izlanishlar olib bormoqda. Oxirgi marta BMT XK tarkibida 1963 yilda o‘zgarish bo‘lgan, o‘sha yili a'zolar soni 11tadan 15taga oshirilgandi.

Top