16:02 / 27.09.2015
4289

Mino vodiysidagi tiqilinchda halok bo‘lgan hindistonliklar soni 29 nafarni tashkil etdi

24 sentabr kuni Makka shahrida haj ziyorati amalga oshirilishi chog‘ida tiqilinch yuzaga kelishi natijasida halok bo‘lgan 700dan oshiq kishidan 29 nafari hindistonlik bo‘lgan. Bu haqda Hindiston Tashqi ishlar vaziri Sushmu Svaraj o‘zining tvitteri orqali ma'lum qilgan.

Bundan oldingi ma'lumotlarda ushbu fojia tufayli 14 nafar hindistonlik halok bo‘lgani aytilgandi.

"Afsuski, Makkadagi tiqilinch vaqtida halok bo‘lganlar soni oshdi va hozirda bu miqdor 29 nafarni tashkil etadi", deb yozadi vazir.

Hindiston elchixonasi xodimlari marhumlarning oila a'zolariga yordam ko‘rsatishi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, fojia 24 sentabr kuni erta tongda Makka yaqinidagi Mino vodiysida sodir bo‘ldi. Ikkita ulkan odamlar oqimi chodirlar shaharchasidan shaytonga tosh otish amali bajariladigan hududga eltadigan yo‘ldagi chorrahada to‘qnash kelib qolgan. Ko‘chalar kesishmasida ulkan tiqilinch vujudga kelib, natijada 769 kishi halok bo‘ldi, eng kamida 934 ziyoratchi jarohatlandi.

Top