18:52 / 28.09.2015
4658

Bosh oshpaz BMT Bosh Assambleyasida prezidentlarning taomnomasi haqida so‘zlab berdi

BMT bosh oshpazi Den Lopes BMT Bosh Assambleyasidagi umumsiyosiy muhokamalarda ishtirok etish uchun tashrif buyurgan davlat va hukumat rahbarlari uchun ishlab chiqilgan taomnomaning o‘ziga xos jihatlari to‘g‘risida so‘zlab berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, an'anaga binoan, muhokamalar boshlanishidan avval o‘tkaziluvchi kechki taomga tayyorgarlik ko‘rish ishlari yanvar oyidayoq boshlangan. Bu haqda BMT Yangiliklar markazi xabar qildi.

Lopesning so‘zlariga ko‘ra, bu kuni prezident va hukumat rahbarlari uchun BMTda mumtoz fransuz oshxonasi taomlari taqdim etiladi. “Biz veal en papillote (pergament qog‘ozida pishirilgan buzoq go‘shti), chicken mousseline (muslin gazlamasiga o‘rab tayyorlangan jo‘ja), fua-gra tayyorladik. Ular qo‘y, buzoq go‘shtlari, minon filesini xush ko‘rishadi — har ehtimolga qarshi, bu yerda ishlayotganimga 12 yil to‘lgan bo‘lsa, mazkur ovqatlar taomnomada bo‘lgan. Biz shuningdek baliqli va vegetarian taomlar ham tayyorlaymiz”, - dedi bosh oshpaz.

Uning aytishicha, yakuniy taomnoma iyul oyi oxirida tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, BMT Bosh assambleyasining 70-sessiyasi jahon tashkilotining Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida 15 sentabr kuni o‘z ishini boshlagan edi. 28 sentabr kuni esa BMTga a'zo barcha 193 mamlakat davlat rahbarlari, hukumat yetakchilari va o‘nlab tashqi ishlar vazirlari ishtirokida umumsiyosiy muhokamalar bo‘lib o‘tadi. Mamlakatlar delegatsiyalarining chiqishlari 3 oktabrga qadar davom etadi.

Top