20:48 / 28.09.2015
2850

Pan Gi Mun: Muhojirlardan himoyalanish uchun devorlar qurish 21 asrga yarashmaydi

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Yevropa Ittifoqi davlatlarini muhojirlarga yanada faol ravishda yordam berishga va ularning yo‘lini to‘sish uchun devorlar qurmaslikka chaqirdi.

"Men Yevropadagi davlatlarni muhojirlar muammosi bo‘yicha yanada ko‘proq ish qilish va butun dunyo bo‘ylab najot izlab sargardon kezayotgan odamlarga yordam ko‘rsatishga chaqiraman.

Bizning harakatimiz inson huquqlari himoyasining bir qismi sifatidagina emas, shunchaki mehrga muhtoj bechoralarga yordam ko‘rsatish bo‘lishi kerak. 21 asr kishilariga boshqa kishilarni o‘z hududlariga kiritmaslik uchun devorlar qurish va to‘siqlar o‘rnatish yarashmaydi", deydi Pan Gi Mun.

U o‘z nutqida 30 sentabr kuni muhojirlar masalasida oliy darajadagi uchrashuv o‘tkazilishi haqida eslatib o‘tdi.

Qayd etish kerakki, ayni vaqtda muhojirlar masalasida YeI tarkibida ikki xil qarashlar mavjud. Ba'zi davlatlar muhojirlarni o‘z chegaralaridan o‘tkazishni istamayapti. Xususan, Vengriya Serbiya bilan chegarasida shu maqsadda devor qurish uchun 200 mln yevro sarflab bo‘ldi. Bu devorning 175 kmlik qismi qurib bo‘lingan. Vengrlar Ruminiya va Xorvatiya bidan chegaralarda ham shunday devorlar qurishni maqsad qilishgan.

Pan Gi Mun o‘z chiqishida Suriyadagi mojarolarga ham e'tiborini qaratib, bu vaziyatni hal qilish AQSh, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Eron va Turkiyaning harakatlariga bog‘liq ekanligini ta'kidladi.

U shuningdek, BMT Xavfsizlik kengashi Suriya va Ukrainadagi vaziyatning barqarorlashuvida tomonlar bilan hamkorlik qilishiga umid bildirgan.

Top