16:48 / 29.09.2015
5795

Abituriyentlarni o‘qishga kiritish bahonasida odamlarni chuv tushirib yurgan firibgarlar fosh etildi

Toshkentda abituriyentlarni o‘qishga joylashtirib qo‘yish bahonasida odamlarni aldab pulini olib yurgan firibgarlar Nosir Jo‘raboyev va Nizom Alimovlar qo‘lga olindi. Bu haqda “Darakchi” gazetasi yozmoqda.
Aytilishicha, Jo‘raboyev o‘zini oliy o‘quv yurti o‘qituvchisi, Alimov esa hokimiyat xodimi sifatida tanishtirib, shu yo‘l bilan “mijoz ovlab” kelganlar. Aslida esa ularning ikkisi ham ishsiz bo‘lgan.
Yoz kunlarida ular ko‘plab odamlardan pul olib, so‘ng telefonlarini o‘chirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lishga intilishgan.
Imtihonlar o‘tib bo‘lgach, bir kuni Nigora ismli qiz Jo‘raboyevga murojaat qilib, o‘qishga kira olmaganini tushuntirgan va qo‘shimcha o‘rin gaplashib berishni so‘ragan. Buning evaziga Jo‘raboyev undan 8 ming dollar so‘ragan. Ammo Nigora uning firibgarligini payqab qolib, tegishli organlarga murojaat qilgan. Natijada Jo‘raboyev va Alimovlar 8 ming dollar olayotganida jinoyat ustida qo‘lga olingan.

Top