16:29 / 29.09.2015
42527

Dunyodagi eng qimmatbaho 10ta uy

Uylar qimmat va judayam qimmat bo‘ladi. Quyidagi uylar esa judayam qimmat uylar qanday bo‘lishi haqidagi tasavvurimizni boyitishga yordam beradi.

1. Four Fairfield Pond, Gempton, Nyu-York / 133 million dollar

Maydoni 25 gektardan oshiq bo‘lgan bu uyda 29ta yotoqxona mavjud. Bu yerning o‘z elektrostansiyasi, uzunligi 100 metrli oshxonasi, 39ta yuvinish xonasi, 3ta basseyni,  kegelbani, basketbol maydonchasi, skvosh va tennis kortlari bor.

Uy sohibi Ayra Rennert, avtomobil sanoati va ruda eritishga ixtisoslashgan Renco xoldingining xo‘jayinidir. Rennert, shuningdek, metallurgiya va tog‘-kon sanoati yo‘nalishlaridagi kompaniyalarga ham egalik qiladi.

2. “Beverli Xauz”, Beverli-Xils, Kaliforniya / 135 million dollar

Gollivuddagi ushbu mashhur koshona nashriyot biznesi magnati Rendolf Xerstga tegishli.  

Uyda 29ta yotoqxona, ulkan kutubxona, aylanma balkon, bilyardxona bor. Uyning ayvoniga bir vaqtning o‘zida 400 kishi joylashishi mumkin.

Qasr hududida 3ta basseyn, kinoteatr, tennis korti va tungi klub joylashgan. Darvoqe, bu uy “Cho‘qintirgan ota” filmida italyan mafiyachilari otning kesilgan boshini tashlab ketgan rejissyorning uyini eslatadi.

3. Ellison Estate, Vudsayd, Kaliforniya  / 200 million dollar

Bu majmua 9 gektar maydonga joylashgan 10ta binodan iborat majmuadir. 

Ushbu majmuada sun'iy ko‘l, Xitoy karp baliqlari yashaydigan hovuz, choyxona va hammom bor. Ushbu hashamatli uyning egasi Oracle kompaniyasi xo‘jayini Larri Ellison bo‘ladi.

4. “Leopold villasi”, Lojuvard sohil, Fransiya / 457 million dollar

Bu villa 1902 yilda Belgiya qiroli Leopold II uchun qurilgan. Villa hududida 1200 tupdan ortiq kiparis, zaytun, apelsin va limon daraxtlari o‘sadi. Ularni 50 nafar bog‘bon parvarish qiladi.

Mazkur uyning egasi livanlik bankir Uilyam Safraning bevasi Lili Safradir.

Aytishlaricha, u 2008 yilda uyni sotmoqchi bo‘lgan. Xaridor milliarder Mixail Proxorov bo‘lib, u uy uchun 75 million dollar bo‘nak to‘lagan. Lekin global inqiroz sababli Proxorov uyni sotib olishdan voz kechgan.

5. Fleur de Lys, Beverli-Xilz, Kaliforniya / 760 million dollar

12ta yotoqxonasi va 15ta yuvinish xonasi bo‘lgan bu qasr 2002 yilda bunyod etilgan. U Fransiyadagi qal'alardan birining nusxasi hisoblanadi.

Bu yerda hamma narsa mukammal darajada: keng raqs zali, ikki qavatli kutubxona, degustatsiya zaliga ega 300 kvadrat metrli vino ombori. Uy egasi — obligatsiyalar qiroli Maykl Milken.

6. “Xala Ranch”, Aspen, Kolorado / 821 million dollar

Bir paytlar bu uy AQShda sotuvga qo‘yilgan eng qimmatbaho uy bo‘lgan. Uni 2006 yilda saudiyalik shahzoda Bandar bin Sulton 135 million dollarga sotgan. O‘shandan buyon uyning narxi 6 barobar oshdi.

Uy egasi milliarder Jon Polson. Asosiy uyda 15ta yotoqxona va 16ta yuvinish xonasi joylashgan. Uy to‘laligicha zamonaviy suv tozalash, gaz bilan ta'minlash va boshqa tizimlar bilan jihozlangan.

7. Maison de L’Amitie, Palm Bich, Florida  / 913 million dollar

Ilgari bu uy milliarder Donald Trampga tegishli edi. 2008 yilda esa uni rossiyalik biznesmen Dmitriy Rybolovlev 95 million dollarga sotib olgan. Bir necha yildan so‘ng bu uyning narxi 9 martaga qimmatlashdi.

Maydoni 5,5 ming kvadrat metrli uy 2,5 gektarli hudud ichida joylashgan. Uyda 15ta yotoqxona, 15ta yuvinish xonasi bor. Shiftlarning balandligi 6–12 metr. Qasrni oppoq marmar ustunlar bezab turadi, hojatxonalarga esa 24 qirotli oltin santexnika o‘rnatilgan.

Suratlar galereyasidan Pablo Pikasso, Vinsent Van Gog va Klod Mone mo‘yqalamiga mansub asarlar joy olgan. Bu yerda shuningdek, maydoni 380 kvadrat metrli venetsiyacha uslubdagi qishki bog‘ ham mavjud.  

8. The Pinnacle, Montana, / 944 million

Yyelloustoun klubining eng yirik xususiy mulki — boylar uchun maxsus yaratilgan chang‘i uchish va golf o‘ynash uchun mo‘ljallangan hudud. Uyning pollari isitish tizimi orqali isitiladi, bu yerda sanoqsiz basseynlar, trenajyor zali, vino ombori bor.

Uyning egalari Tim va Edra Blikset. Tim  — “o‘rmon baroni” va Yyellouston klubi hammuassisi, xotini esa ko‘chmas mulk sohasida o‘z biznesiga ega.

9. Upper Phillimore Gardens, Kensington, London / 980 million dollar

5 qavatli qasrning 10ta yotoqxonasi, yerosti basseyni, kinoteatri, saunalari, trenajyor zali bor.

Uyning asosiy yotoqxonasi yuvinish va kiyinish xonalari bilan birgalikda butun boshli 2-qavatni egallaydi. Uyning egasi — Yelena Pinchuk, sobiq Ukraina prezidenti Leonid Kuchmaning qizi.

10. “Antiliya”, Mumbay, Hindiston / 1 milliard dollar

Bu 27 qavatli bino dunyodagi eng qimmat uy hisoblanadi.

Uyda 168ta avtomobilga mo‘ljallangan 6 qavatli avtomobillar turargohi, trenajyor zaliga ega alohida fitnes qavati, raqs zaliga ega qavatlar joylashgan. Bir nechta qavatni yotoqxona va yuvinish xonalari egallagan. Bu yerda 4 qavatli bog‘ ham bor. Uyning sohibi  — hindistonlik mashhur biznes-magnat va multimilliarder Mukesh Ambani.

Manba: Xabardor.uz

Top