12:57 / 29.09.2015
4252

YeChL, 2-tur: birinchi kun o‘yinlari uchun anons

Bugun Yevropa Chempionlar ligasi musobaqasining guruh bosqichida 2-tur uchrashuvlariga start beriladi.
Seshanba oqshomida 4ta guruhda (E, F, G, H) 8ta uchrashuv o‘tkaziladi.

Zenit - Gent

Dastlab, Sankt-Peterburgning "Zenit" jamoasi o‘z maydonida Belgiya vakili bo‘lgan "Gent" klubini qabul qiladi. Oldingi turda "Valensiya"ni safarda mag‘lub etgan piterliklarning bu o‘yinda ham ustun kelish uchun imkoniyatlari yuqori baholanmoqda.

Lion - Valensiya

Guruhning ikkinchi uchrashuvida bir qator yetakchilari jarohatlar tufayli safdan chiqqan "Lion" jamoasi Ispaniyaning turnirdagi 5 ishtirokchisidan biri "Valensiya"ni qabul qiladi.

Portu - Chelsi

Joze Mourino boshchiligidagi "Chelsi" futbolchilari safarda "Portu" mehmoni bo‘lishadi. Qayd etish kerakki, londonliklar murabbiyi Mourino o‘zining ilk yorqin faoliyatini aynan "Portu"da o‘tkazgan va shundan keyin "Chelsi"ga olib kelingandi.
Qayd etish kerakki, bu o‘yin UzReport UZ telekanalida jonli ravishda translyatsiya qilinadi.

Makkabi - Dinamo Kiyev

Birinchi turda "Chelsi" maydonida yirik hisobda (0:4) mag‘lub bo‘lgan isroilliklar bu turda Ukraina chempioni "Dinamo"ni qabul qiladi.

Arsenal - Olimpiakos

O‘tgan turda safarda Xorvatiyaning "Dinamo Zagreb" jamoasiga qarshi o‘yinni kutilmagan mag‘lubiyat bilan o‘tkazgan "kanonirlar" bugun Gretsiyaning "Olimpiakos" jamoasini qabul qiladi. Bugungi o‘yinni Jiru o‘tgan uchrashuvdagi qizil kartochkasi tufayli o‘tkazib yuboradi. Shuningdek, Arsen Vengar bu o‘yinda Piter Chex va Aaron Remsi xizmatlaridan foydalana olmasligi mumkin.

Bavariya - Dinamo Zagreb

F guruhining ikkinchi bahsi Germaniyada bo‘lib o‘tadi. Bugun myunxenliklar o‘z maydonlarida Zagrebning "Dinamo" jamoasini qabul qiladi.

Barselona - Bayyer

Ye guruhida yana bir qiziq uchrashuv o‘tkaziladi. Bu o‘yinda "Barselona" o‘zining asosiy yetakchisi Lionel Messisiz harakat qilishga majbur.
Jamoa birinchi turni safarda "Roma"ga qarshi o‘tkazgan va 1:1 hisobini qayd etgandi. "Bayyer" esa birinchi uchrashuvda Belarusning BATE jamoasini yirik hisobda taslim etgan.

BATE - Roma

Guruh autsayderi BATE ikkinchi turda Rimning "Roma" jamoasiga qarshilik ko‘rsatishga urinib ko‘radi.

Top