09:37 / 29.09.2015
1977

Falastin suriyalik qochqinlarni qabul qilishga tayyorligini ma'lum qildi

Falastin suriyalik qochqinlarni qabul qilishga tayyor, biroq ularni boshqa davlatlarning yordamisiz barcha zaruriy narsalar bilan ta'minlay olmaydi. Bu haqda Falastin Davlati tashqi ishlar vaziri Riyod al-Malikiy 28 sentabrda “Russian Today” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Biz Suriya va Livandan qochqinlarni qabul qilish istagimiz haqida aytganmiz. Endi Suriyadagi va ayniqsa “IShID” jangarilari tomonidan bosib olingan Yarmukdagi falastinlik qochqinlar lageridagi vaziyat keskinlashganda, bu haqiqatda bizning majburiyatimiz, burchimiz bo‘lmoqda. O‘rta Yer dengiziga chiqib, Yevropaga borish yoki yo‘lda halok bo‘lishdan ko‘ra, qochqinlar Falastinda qabul qilingani ancha yaxshiroqdir”, deb aytdi Al-Malikiy.

Al-Malikiyning aytishicha, biroq Falastinda qochqinlarni barcha zaruriy narsalar bilan ta'minlash uchun yetarlicha mablag‘ mavjud emas. Bu masalada mamlakat boshqa davlatlarning ko‘magiga umid bildirmoqda. “Biz ularni qabul qilish uchun vositalarga ega emasmiz. Biroq xalqaro hamjamiyat bizga yordam berishiga umil bildiramiz. Yevropa Ittifoqi qochqinlarni o‘z davlatlarida joylashtirish uchun sarflayotgan pullar qochqinlarni Falastinda joylashtirish uchun sarflanishi mumkin edi”, deb ta'kidlab o‘tdi Al-Malikiy.

Top