18:20 / 29.09.2015
2953

FIFAning sobiq vitse-prezidenti bir umrga futboldan chetlashtirildi

Xalqaro futbol federatsiyalar Assotsiatsiyasining (FIFA) sobiq vitse-prezidenti Jyek Uorner mazkur sport turidagi faoliyatidan butun umrga chetlashtirildi. Bu haqda tashkilot rasmiy saytida xabar qoldirilgan.

«Uorner FIFA va KONKAKAF mintaqasining rasmiy vakili sifatida bir necha marotaba qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘ygan. Futbol mansabdori sifatida noqonuniy pul munosabatlarida asosiy rollardan birini bajargan», — deyiladi tashkilotning axloq qo‘mitasi tergov palatasi hisobotida.

AQSh hukumati fibirgarlik, tovlamachilik va pul yuvish kabi bir qator jinoyatlarni sodir etishda ayblanayotgan Uornerning Amerikaga ekstraditsiya qilinishi bo‘yicha eshituvi 2 dekabr kuni o‘qib eshittiriladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 may kuni AQSh bergan bayonot asosida FIFAning 14 nafar a'zosi korrupsiyada ayblanib, tashkilotning Tsyurixdagi ofisida hibsga olingandi. AQSh Adliya vazirligi bergan axborotga ko‘ra, ular 24 yil ichida jami 150 million dollar atrofida pora olishgan.

Ma'lumot uchun, Uorner Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi mamlakatlari futbol Konfederatsiyasini (KONKAKAF) 1990 yildan 2011 yilga qadar boshqarib kelgan. FIFA vitse-prezidenti sifatida esa Uorner 1997-2011 yillar davomida faoliyat ko‘rsatgan.

Top