Markaziy Afrika Respublikasi poytaxti Bangidagi tartibsizliklar oqibatida halok bo‘lganlar soni 42 kishiga yetdi. Bu haqda AP axborot agentligi ma'lum qildi.
Avvalroq BMT tinchlikparvar kuchlari Bangidagi tartibsizliklarda ishtirok etgan 3 nafar kishini otib tashlagani va yana 3 kishini jarohatlagani ma'lum qilingandi. Voqea Bangi markazida olomon prezident qarorgohiga vaqtinchalik prezident Katrin Samba-Panzaning iste'foga ketishi talabi bilan ketayotganda yuz bergan.
27 sentabrdan Bangida 26 sentabrda boshlangan tartibsizliklar tufayli komendantlik soati kiritildi. Tartibsizliklarga 2013-2014 yillardan beri musulmon va nasroniy aholi o‘rtasidagi to‘qnashuvlar markazi bo‘lgan musulmon dahasida taksi haydovchisining o‘ldirilishi sabab bo‘ldi. Haydovchining qotili va jinoyat sabablari hozircha noma'lumligicha qolmoqda.