15:45 / 29.09.2015
12233

Ozoda Nursaidova "Uzbek Idol" shousi loyihasini boshlamoqda

Bir muncha vaqt katta ijodiy loyihalarda ko‘rinish bermagan xonanda Ozoda Nursaidova yangi loyiha ustida ish olib bormoqda.

Shu maqsadda u jiddiy parhez tutib, sezilarli darajada vazn yo‘qotgan.

"Mana sizga ozish degani! Nahotki shu Ozoda Nursaidova bo‘lsa? Ozodani to‘ylarda ko‘rganlar tanishmayapti. U yoshargandan yosharmoqda", deya xitob qiladi sayyod.com blogi muallifi Sardor Komilov.

U xonandaning "qushday yengillik bilan ijodiy jangga kirishayotgani" haqida yozadi.

Ma'lum qilinishicha, Ozoda Nursaidova shunday kuch bilan nafaqat o‘z ijodini rivojlantiradi, balki "Uzbek Idol" loyihasi orqali butun respublika bo‘ylab haqiqiy iste'dodlarni yig‘ib, ularning o‘zlarini namoyish etishlari bo‘yicha ish olib boradi.

Joriy yilning oktabridan boshlanadigan shou kastingi Toshkent, Farg‘ona, Samarqand hamda Xorazmda bo‘lib o‘tishi va ushbu jarayonda xonandaning o‘zi ham ishtirok etishi aytilgan.

Ma'lum qilinishicha, tanlab olingan 10 nafar iqtidor bilan loyiha sifatida maxsus dastur asosida ijod jarayoni olib boriladi.

Eng oxirgi bosqichda saralab olib qolingan 3 nafar iqtidorga professional studiyada mualliflik qo‘shiqlaridan tashkil topgan musiqiy albom yozib berish imkoni beriladi.

1-o‘rin sohibi esa Ozodaning shogirdi sifatida e'lon qilib, sun'iy yo‘ldosh telekanallarida uning kliplari berilishida yordam ko‘rsatilishi va'da qilingan.

Ishtirok etmoqchi bo‘lgan iqtidorlar uchun talablar va ishtirok etishga yozilish tartiblari haqida biroz keyinroq xabar qilinadi.

Top