08:54 / 30.09.2015
5439

Afg‘oniston bosh vaziri toliblar Qunduzni bosib olgani tufayli BMT Bosh assambleyasini shoshilinch tark etmoqda

Afg‘oniston bosh vaziri Abdulloh Abdulloh toliblar Afg‘onistonning Qunduz shahrini bosib olgani tufayli BMT Bosh assambleyasini shoshilinch tark etmoqda, deb xabar berdi Afg‘oniston bosh vazirining rasmiy vakili Mujib-ar-Rahmon Rahimiyning bayonotiga iqtibos keltirgan holda TASS axborot agentligi.

“Biz bosh vazirning BMT Bosh assambleyasi 70-sessiyasidagi 1 oktabrdagi nutqini 29 sentabr ertalabga o‘tkazishga majbur bo‘ldik. Bosh vazir Barak Obama bilan uchrashgandan keyin zudlik bilan Kobulga uchib ketadi”, deb aytdi Rahimiy.

Bundan tashqari, Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani Ahmadzoy mamlakat aholisiga shoshilinch nutq bilan murojaat qildi va Qunduzda tartib o‘rnatishga va'da berdi.

“Toliblar tirik qalqon sifatida tinch aholidan foydalanmoqda. Afg‘oniston hukumati o‘z fuqarolari hayotiga javob beradi va ularning uylarini bombardimon qila olmaydi. Xavfsizlik kuchlari tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Biz shahar ustidan nazorat o‘rnatish uchun qo‘limizdan kelgan barcha narsani qilmoqdamiz”, deb aytdi Ahmadzoy.

Avvalroq Afg‘oniston Qunduzning toliblar tomonidan bosib olinganini tasdiqlagan edi. Qunduz AQShning Afg‘onistonga harbiy ko‘mak berishni boshlagan 2001 yildan beri toliblar bosib olgan birinchi yirik shahar bo‘ldi.

Top