17:16 / 30.09.2015
2419

YeChL, 2-tur: ikkinchi kun o‘yinlari uchun anons

Bugun Yevropadagi yashil maydonlarda YeChLning guruh bosqich 2-tur uchrashuvlari davom ettiriladi. To‘rtta guruhda (A, V, S, D) jamoalar navbatdagi raqiblariga qarshi maydonga chiqishadi.

A guruhi
Malmyo - Real Madrid

Birinchi turda yirik hisobda "Shaxtyor"ni yenggan "Real" jamoasi safarda "Malmyo" bilan kurash olib boradi. Ko‘pchilik Benites shogirdlarining g‘alabasini kutmoqda.

Shaxtyor - PSJ

Ukrainada esa parijliklar muhim o‘yin o‘tkazishadi.
Bu o‘yin arafasida PSJ rahbariyati jamoa YeChLning yarim finaliga chiqishi evaziga bosh murabbiyi Loran Blan bilan shartnomani uzaytirishi haqida ma'lum qildi.


V guruhi
Manchester Yunayted - Volfsburg

1-turda safarda Niderlandiyaning PSV jamoasiga mag‘lub bo‘lgan "MYu" bugun o‘z maydonida "Volfsburg"ni qabul qiladi. Angliya futboli muxlislari kechagi o‘yinlarda "Arsenal" va "Chelsi" mag‘lubiyatli o‘yinlar o‘tkazgach, "Manchester Yunayted" g‘alaba qozonishiga umid qilmoqda.
Bu o‘yin UzReport UZ telekanali orqali jonli ravishda translyatsiya qilinishi kutilmoqda.


TsSKA - PSV

Moskva armiyachilari birinchi turdagi nursiz o‘yindan keyin, bugun o‘z muxlislari qarshisida o‘zlarini ko‘rsatishga harakat qilishadi. Bugun Moskvaga PSV tashrif buyuradi.

 

S guruhi
Astana - Galatasaroy

Qozog‘istonning "Astana" jamoasi bugun Turkiyaning "Galatasaroy" jamoasini qabul qiladi. Har ikki jamoa birinchi turda mag‘lubiyatga uchragan.

 

Atletiko Madrid - Benfika

Antuan Grizmann yetakchiligidagi "Atletiko" bugun o‘z maydonida "Benfika"ni qabul qiladi. Guruhdan chiqish uchun aynan shu jamoalar asosiy davogarlar sifatida qaralmoqda.

 

D guruhi

Borussiya M - Manchester Siti

YeChLda omadsiz ishtirok etishi bilan ma'lum bo‘lgan "Manchester Siti" mavsumni omadsiz o‘tkazayotgan boshqa bir jamoa, Menxengladbaxning "Borussiya" jamosi maydoniga safar qiladi. "Shaharliklar" jamoasidan ham nafaqat o‘z sharafi, balki APL sharafini himoya qilishi talab etiladi.


Yuventus - Sevilya

O‘tgan mavsum finalchilari bo‘lmish "Yuventus" bugun Ispaniyaning turnirdagi 5 vakilidan biri "Sevilya"ni qabul qiladi. Jamoa ichki chempionatdagi muvaffaqiyatsizliklarni xalqaro maydondagi zafarlar orqali yuvishga harakat qilishi kerak.

Barcha o‘yinlar Toshkent vaqti bilan soat 23:45da boshlanadi.

Top