10:55 / 30.09.2015
2207

Iordaniya qochqinlarni qabul qilish bo‘yicha o‘z imkoniyatlari chegarasiga yetib kelganini ma'lum qildi

Iordaniya va Livanga qochqinlarni o‘z hududiga joylashtirishi uchun qo‘shimcha moliyaviy yordam ko‘rsatilmasa yoki qarz olish uchun imtiyozli shartlar taqdim etilmasa, Yevropa va dunyoning boshqa hududlari muhojirlar oqimining yangi to‘lqiniga duch kelishi mumkin. Bu haqda 29 sentabr kuni Hoshimiylar Qirolligining Rejalashtirish va xalqaro hamkorlik vaziri Imad Najib Faxuriy jurnalistlarga YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini bilan bo‘lib o‘tgan yopiq uchrashuv yakunlari yuzasidan ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Iordaniya Damashq va qurolli muxolifat o‘rtasida mojoralar boshlanganidan buyon 1,4 mln suriyalikka yordam ko‘rsatish bo‘yicha “o‘z imkoniyatlari chegarasiga yetib keldi”.

“Biz xalqaro hamjamiyatdan Iordaniyaga qochqinlarga xalqaro hamjamiyat nomidan yordam ko‘rsatishda davom etishi uchun qo‘llab-quvvatlash hajmini oshirishni so‘raymiz”, - deya qayd etdi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur ishlarni davom ettirish uchun Iordaniyada manbalar yetarli emas. “Biz bu ishlarni yetarli darajada ado eta olmasak, kelgusida yanada yaxshiroq joylarni topish ilinjida Yevropa va dunyoning boshqa hududlari sari xatarli safarga yo‘l olgan muhojirlar oqimining yangi to‘lqini vujudga keladi”, -deya ogohlantirdi Faxuriy.

Ayni paytda Iordaniya tomonidan va BMT orqali mamlakatdagi qochqinlar lagerlariga ajratilayotgan mablag‘lar mutlaqo yetarli emas.

“Iordaniyadagi 1,4 mln suriyaliklarning 92 foizi ayni paytda qochqinlar lagerida emas, balki ular shaharlar va qishloqlar bo‘ylab bo‘lib yuborilgan. Shuning uchun kimdir Suriyadagi qochqinlar lagerlariga yordam ko‘rsatdik, desa, ular ko‘makka muhtojlarning faqatgina 8 foiziga madad bergan bo‘ladi”, - deya ta'kidlab o‘tdi vazir.

Top