12:42 / 30.09.2015
2274

Iroqda sentabr oyi boshida o‘g‘irlab ketilgan turkiyalik 16 nafar ishchi ozod qilindi

Iroqda 2 sentabr kuni o‘g‘irlab ketilgan turkiyalik ishchilar 30 sentabrda ozodlikka chiqarildi. Turkiyaning NTV telekanali tarqatgan xabarga ko‘ra, bu haqda jurnalistlarga hozirgi vaqtda Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishida ishtirok etayotgan mamlakat bosh vaziri Ahmad Dovuto‘g‘li ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya fuqarolari Basra shahrida ozodlikka chiqarilgan va ayni paytda Turkiya elchisi hamrohligida Bag‘dod shahriga yo‘l olgan. Dovuto‘g‘lining ta'kidlashicha, u telefon orqali ikki ishchi bilan suhbatlashishga ulgurgan.

Eslatib o‘tamiz, 2 sentabr kuni niqoblangan, harbiy libosdagi noma'lum shaxslar Iroq poytaxtining sharqiy qismida joylashgan Madinat- es-Sadr tumanida barpo etilayotgan olimpiya sport majmuasining qurilish maydoniga bostirib kirib, 18 nafar turk – 14 ishchi, uch muhandis va bir hisobchini noma'lum tomonga olib ketgan edi. Ikki Turkiya fuqarosi 16 sentabrda qo‘yib yuborilgan.

Top